
"Visol" tantanalar maskanida 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.

Unda Jizzax viloyati hokimi oʻrinbosari S.Shukurullayev ommaviy axborot vositalari xodimlarini kasb bayrami bilan tabriklab, ularning aholini ishonchli axborot bilan taʼminlash hamda davlat va jamiyat oʻrtasidagi ochiq muloqotni mustahkamlashdagi oʻrni alohida ekanini taʼkidladi.

Tadbir davomida bir guruh soha xodimlari viloyat hokimining faxriy yorligʻi bilan mukofotlandi. Quvonarlisi, ular orasida "Jizzax ovozi" gazetasi masʼul kotibi Gavhar Saydullayeva ham bor.

Shuningdek, "Yilning eng faol jurnalisti" tanlovning matbuot yoʻnalishida gazeta muxbiri Xurshida Suyunova 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi.
"Shiddat.uz" sayti esa ushbu tanlovning internet jurnalistikasi yoʻnalishida alohida eʼtirof etilib, 1-oʻringa loyiq koʻrildi.

Shuningdek, faxriylar, oʻzlarining yubiley yoshlarini nishonlayotgan jurnalistlarga ham ehtirom koʻrsatilib, esdalik sovgʻalari topshirildi.

Tantanali tadbirning badiiy qismi vohamizning taniqli sanʼatkorlari va el suygan xonandalar tomonidan ijro etilgan dilrabo kuy-qoshiqlarga ulanib ketdi.

Bu kabi yuksak eʼtibor va munosib eʼtirof Jizzax OAV vakillariga yangi kuch-gʻayrat hamda yuksak ijodiy ilhom bagʻishlashi shubhasiz.



