
Tasavvur qiling, er-xotin oʻzaro kelishmovchilik yoki boshqa sabablarga koʻra maʼlum vaqtdan buyon birga yashamayapti. Ayol homilador. Ana shunday vaziyatda, boʻlajak ona, garchi hali farzandi tugʻilmagan boʻlsa ham, turmush oʻrtogʻidan homiladorlik davrida oʻzining taʼminoti uchun aliment undirishi mumkin. Chunki qonun talabi shunday.
Yaqinda fuqarolik ishlari boʻyicha Gʻallaorol tumanlararo sudida mana shu mazmundagi ish koʻrib chiqildi. Yaʼni Farida Xolmurodova (ism-familiyalar oʻzgartirilgan) daʼvo ariza bilan murojaat qilib, javobgar Zoyirbek Rustamov bilan 2025 yilning oktabr oyida qonuniy nikohdan oʻtib turmush qurganligini, biroq hozirda ikkisi birga yashamayotganligini, ayni vaqtda homilasi borligi sabab mehnat qilish imkoniyati yoʻqligini maʼlum qilgan hamda turmush oʻrtogʻi uning taʼminoti uchun moddiy yordam bermayotganligi bois undan har oyda 2 million soʻmdan aliment undirishni soʻragan.
Oʻz navbatida Zoyirbek Rustamov daʼvoni tan olmay, haqiqatan bugungi kunda oilaviy qoʻydi-chiqdilar sababli er-xotin birga yashamayotganligini, bir oyda oʻrtacha 6-7 million soʻm daromad koʻrishini, agar ayoli u bilan birga bir oila boʻlib yashasa, taʼminot berishini, aks holda, aliment toʻlashga qarshi ekanligini bayon qilgan.
Xoʻsh, bunday vaziyatda qonunchilik nima deydi?
Aniqlanishicha, tuman tibbiyot birlashmasi koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasi mutaxassislarining tekshiruv xulosalariga koʻra, daʼvogarning olti oylik homilador ekanligi maʼlum boʻlgan.
Oila kodeksining 117-moddasi talabiga koʻra, er-xotin bir-biriga moddiy yordam berishi shart. Bunday yordam berishdan bosh tortilgan taqdirda, yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz er yoki xotin, shuningdek xotin homiladorlik davrida va oʻrtada bola tugʻilgan kundan boshlab uch yil davomida, oʻrtadagi nogiron bola oʻn sakkiz yoshga toʻlguncha yoki bolalikdan I guruh nogironi boʻlgan oʻrtadagi bolaga qaragan yordamga muhtoj er (xotin) yordam berishga qodir boʻlgan xotin (er)dan sud tartibida taʼminot (aliment) olish huquqiga ega.
Mazkur Kodeksning 119-moddasi talabiga koʻra, er-xotin (sobiq er-xotin) oʻrtasida aliment toʻlash toʻgʻrisida kelishuv mavjud boʻlmagan hollarda er yoki xotinga (sobiq er yoki xotinga) sud tartibida undirib beriladigan aliment miqdori sud tomonidan er yoki xotinning (sobiq er yoki xotinning) moddiy va oilaviy ahvolini hamda taraflarning eʼtiborga loyiq boshqa manfaatlarini eʼtiborga olib, har oyda pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada belgilanadi, biroq bu summa qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq toʻlashning 11,5 foizidan kam boʻlmasligi lozim.
Sud ish holatini batafsil oʻrganib, qonun talablariga asosan hamda daʼvogarning hozirgi kunda ishlamasligi, homiladorligini, javobgar esa muayyan ish haqiga ega ekanligini, daʼvogarning daʼvo talablarini inkor etuvchi holatlar mavjud emasligini, taraflarning moddiy va oilaviy ahvolini inobatga olib, daʼvoni qisman qanoatlantirishni, yaʼni Farida Xolmurodovaning foydasiga javobgardan homiladorlik davri tugaguniga qadar har oyda 500 ming soʻm miqdorida aliment undirishni lozim deb topdi.
Jasuriddin Abdusattarov,
fuqarolik ishlari boʻyicha Gʻallaorol tumanlararo sudining raisi



