
Yangi Oʻzbekistonning 44 mingdan ziyod orzu-umidlari katta hayot sari yoʻl oldi
Jizzax viloyatidagi barcha umumtaʼlim maktablarida “Soʻnggi qoʻngʻiroq” tadbiri koʻtarinki ruh, yuksak hayajon va ezgu orzu-intilishlar ogʻushida oʻtdi.
Ertalab soat 08:00 da Davlat madhiyasi sadolari ostida boshlangan bayram tadbirlari Jizzax televideniyesi orqali toʻgʻridan toʻgʻri efirda namoyish etildi. Bu nafaqat bitiruvchilar, balki ustoz-murabbiylar, ota-onalar va keng jamoatchilik uchun ham unutilmas va gʻururli lahzalarga aylandi.

Jizzax shahridagi “Kiberarena” majmuasida tashkil etilgan markaziy tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bitiruvchilarga yoʻllagan samimiy tabrigi viloyat hokimi Ulugʻbek Mustafoyev tomonidan oʻqib eshittirildi. Davlat rahbarining har bir soʻzida Yangi Oʻzbekistonning tayanchi boʻlgan yosh avlodga yuksak ishonch, cheksiz mehr va ulkan umid mujassam edi.
“Bugungi bitiruvchi – ertangi muhandis, shifokor, olim, shoir va adib, tadbirkor degani. Bugungi bitiruvchi – Uchinchi Renessans bunyodkori degani”, deya taʼkidlagan davlat rahbari oʻz tabrigida.

Darhaqiqat, bu yil Jizzax viloyati maktablarini 44 ming 653 nafar bitiruvchi tamomlamoqda. Shundan 25 ming 78 nafari 9-sinf, 19 ming 575 nafari esa 11-sinf oʻquvchilaridir. Bu raqamlar oddiy statistika emas. Bu — Yangi Oʻzbekistonning ertangi kunini yaratadigan, mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqadigan ulkan intellektual va maʼnaviy salohiyat ifodasidir.
Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, bitiruvchilar soni boʻyicha Jizzax shahri yetakchilik qilmoqda. Xususan, shaharda 4 ming 90 nafar 9-sinf va 3 ming 320 nafar 11-sinf oʻquvchisi mustaqil hayot ostonasiga qadam qoʻymoqda. Gʻallaorol, Zomin va Sharof Rashidov tumanlari ham bitiruvchilar soni boʻyicha viloyatning yirik hududlari sifatida qayd etildi.

Viloyatda bilimli, iqtidorli va intilishdan toʻxtamaydigan yoshlar safining kengayib borayotgani medaldor bitiruvchilar misolida yanada yaqqol namoyon boʻlmoqda. Joriy yilda 223 nafar oʻquvchi oltin, 54 nafar bitiruvchi esa kumush medal sohibi boʻldi. Bu — taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan izchil islohotlar, ustozlarning fidokorona mehnati va ota-onalarning yuksak eʼtibori samarasidir.
Ayniqsa, Jizzax shahrida 71 nafar oltin va 12 nafar kumush medal sohibining voyaga yetgani vohada taʼlim muhiti yil sayin yuksalib borayotganini koʻrsatadi. Gʻallaorol, Sharof Rashidov va Zomin tumanlarida ham yuqori natijalar qayd etildi. Bu esa hududlarda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning bilim olishi va iqtidorini roʻyobga chiqarishga qaratilgan ishlar izchil davom etayotganidan dalolat beradi.
Tadbir doirasida viloyat boʻyicha 300 dan ortiq iqtidorli oʻquvchiga imtiyoz asosida oliy taʼlim muassasalariga qabul qilingani munosabati bilan hokimlikning tabrigi va esdalik sovgʻalari topshirildi. Namunali xulqi, yuksak bilimi va faolligi bilan tengdoshlariga oʻrnak boʻlib kelayotgan yoshlarga alohida ehtirom koʻrsatildi.
Prezident oʻz tabrigida bugungi shiddatli davr yoshlardan zamonaviy bilim, kasb va til oʻrganishni talab etayotganini alohida taʼkidladi.
“Mehnat bozori endi, avvalo, “hujjat” emas, amaliy bilim, malaka va natija soʻrayapti”, deya taʼkidlagandi davlat rahbari.

Bu fikrlar Jizzax yoshlari uchun ham muhim hayotiy dasturga aylanmoqda. Bugun viloyat maktablarini tamomlayotgan minglab yoshlar orasida ertangi muhandislar, IT mutaxassislari, olimlar, tadbirkorlar va Vatan taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqadigan yetakchilar kamol topayotgani shubhasiz.
Onlayn translyatsiya yakunlanganidan soʻng “Soʻnggi qoʻngʻiroq” tadbirlari shahar va tumanlardagi barcha maktablarda davom ettirildi. Quvonch va hayajonga toʻla onlarda bitiruvchilar ustozlariga minnatdorlik bildirdi, bolalikning begʻubor va unutilmas damlari bilan xayrlashdi.
Bugun Jizzax zaminidan katta hayot sari yoʻl olayotgan 44 mingdan ziyod yosh — Yangi Oʻzbekistonning eng katta boyligi, millatning ishonchi va kelajak bunyodkorlaridir. Ularning qalbidagi orzu qanchalik yuksak, intilishlari qanchalik mustahkam boʻlsa, mamlakatimiz taraqqiyoti ham shunchalik barqaror va qudratli boʻladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat)



