
Bugunning bolalari oddiy bola emas. Ular bir ishni yoki vazifani tugatmasdan ikkinchisiga urinib ketaveradi. Boz ustiga dars qilish jarayonida telefon yoki televizor tomosha qilishni ham qoyillatishadi. Ikki bolam bilan dars tayyorlab boʻlguncha, aqlim kirdi-chiqdi boʻlib qoladi. 4-5 bolali onalarga haykal qoʻyish kerak, nazarimda. Shunday deymanu, oilada 6 farzand katta boʻlganimizni eslab, onamga gap tashlasam, “bolalar ham zamonga mosda, qizim”, deb javob beradilar.
Bolaligimizda “Zumrad va Qimmat”, “Susambil” kabi oʻzbek xalq ertaklari asosida ishlangan, shuningdek, “Senimi shoshmay tur, quyon!”, “Qunduz amakining qissalari”, “Cheburashka”, “Qirol sher” kabi multfilmlarni tomosha qilardik. Bugun esa televizor aniqrogʻi, telekanallardagi emas, internet orqali istaganini koʻrayotgan avlod oʻsib kelayapti. Adashdim, multfilm ham emas, qisqa videolavhalar desam toʻgʻri boʻladi. Ayniqsa, "Tralalero Tralala", "Balerina Kapuchino", "Tut Tun Saxura", "Bombardiro Krokodilo" kabi hatto aytishga til aylanmaydigan obrazlar bolalarning sevimli qahramonlariga aylanayotgani hayratlanarli...
Yangi yil arafasida telekanallarda bolalikni yodga soluvchi, bayram kayfiyatini barchaga birdek ulashadigan film va multfilmlar efirga berildi. Ularning aksariyati qayta-qayta koʻrsangiz ham meʼdangizga urmaydigan, aksincha qalblarni entiktiruvchi his-tuygʻularga boy. “Uyda yolgʻiz” filmi, “Sohibjamol va maxluq” multfilmi boshlanganda yoshu-qari televizor qarshisidan bir qadam ham siljishni istamadik. Adashmasam, oʻrta yoshdagi avlod vakillari hozir ham shunday. Faqat bu qatorda bugunning bolalari yoʻq. Ular oʻta shovqinli, bemaʼni va “bemaza” kontentlarni xush koʻrishadi. Yorqin ranglar, kadrlarning soniyalarda oʻzgarib turishi esa bolalarni jalb qiluvchi omillar sanaladi. Ular ekran qarshisida 1-2 daqiqadan ortiq oʻtira olmaydi, tez chalgʻiydi, sermazmun kontentlar qiziqtira olmaydi.
Oʻylab koʻring, 1-1,5 soatlik lavhani 2 daqiqaga sigʻdirishning oʻzi boʻlmaydi. Bu bir tomondan texnik imkoniyatlarning kengligini koʻrsatsa, boshqa tomondan insonlarning vaqtni bekorga sarflashini oldini oladigandek koʻrinadi. Biroq, tanganing ikkinchi tomoniga nazar tashlasak, qisqa lavha voqealar rivojini toʻliq yetkazib bera olmaganidek, bolada mantiqiy va tahliliy fikrlashni ham yoʻqqa chiqaradi. Shuningdek, ularda diqqat yetishmovchiligi va giperaktivlik sindromi kuzatiladi.
Yuqorida sanab oʻtgan obrazlar koʻrinish jihatidan odamni ajablantiribgina qolmay, matn tarjima qilinganda hech qanday maʼno-mazmunga ega emasligi oshkor boʻladi. Buni yaxshi anglamagan bolalarimiz esa ularga taqlid qilish va qoʻshiqlarini kuylashdan charchamaydi.
Mutaxassislar anchadan beri ushbu maʼnosiz, tez almashuvchi “Brain rot” (tarjimasi “miyaning chirishi” maʼnosini beradi) videolar zamonaviy bolalar uchun jiddiy xavf tugʻdirayotgani haqida bong urishmoqda.
Ota-onalar bolalari tinchlanishi uchun ularni ekran qarshisiga mixlab qoʻyish yoki qoʻliga gadjetlar tutqazib qoʻyishi emas, balki mantiqiy tafakkur, voqealar oʻrtasidagi bogʻliqlikni anglash va sabr bilan idrok etish koʻnikmalarini shakllantiruvchi mashgʻulotlarga jalb etishi lozim. Bu jarayonda bolaga sifatli, mazmunli multfilmlar koʻrsatish va kitoblar berish intellektual hamda hissiy rivojlanishni taʼminlaydi.
- Hozirgi davr bolalarining aksariyati asosan tasvir, musiqa hamda turli shovqinlardan iborat multfilmlarni xush koʻrishadi, - deydi 13-Davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti psixologi Noila Davlatova. - Ular faqat tushunarsiz qoʻshiqlardan iborat. Baʼzilarida suhbat umuman yoʻqligini inobatga olsak, bunday multfilmlarni koʻrgan bolaning nutqi kech va notoʻgʻri rivojlanadi. Eng yomoni, odamlar bilan muloqotga kirishish qobiliyati susayadi.
Goʻdakning miyasi ikki yoshga toʻlguncha tez rivojlanib, bu davr til oʻrganish uchun eng sezgir payt hisoblanadi. Shu tufayli 2 yoshdan kichik bolalarga mutlaqo gadjet bermaslik, 2–5 yoshdagilarga esa ekran vaqtini kuniga 1 soatgacha cheklash tavsiya etiladi.
Yuzaki qaraganda beozor, biroq zamirida qatlam-qatlam muammo bor ushbu masalani bolaning nutqi rivojlanishi misolida tahlil qilib koʻraylik.
Nutq – bolaning ijtimoiy hayotga moslashuvi, bilim olish jarayoni va shaxsiy rivojlanishining eng muhim koʻrsatkichlaridan biri. Nutqning kechikishiga biologik, psixologik, tibbiy sabablar va muhit taʼsiri sabab boʻlishi mumkin.
- Psixologik omillar – oiladagi janjal, stress bolada muloqotga boʻlgan qiziqishni kamaytiradi, - deydi suhbatdoshimiz. - Eʼtibor va ragʻbat yetishmasligi ham nutq rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Bir yoshdan toʻrt yoshgacha boʻlgan bolalar oʻrtasida oʻtkazilgan tadqiqotga koʻra, bolani kuniga 4 soatdan ortiq ekran qarshisida qoldirish nutq kechikishi xavfini 40 foizgacha oshirishi aniqlangan. Gapira olmaslik holatlari eng koʻp 1 yoshli bolalarda qayd etilgan.
Shuningdek, bolaga gadjetlar qanchalik erta berilsa, nutq kechikishi xavfi shunchalik yuqori boʻlgan. Masalan, 1 yoshga toʻlmasidan telefonga tikilgan bolalarning 34,4 foizida nutq kechikishi aniqlangan. Aksincha, 3–4 yoshdan smartfonlardan foydalangan bolalarda bu koʻrsatkich atigi 11,1 foizni tashkil qilgan.
Demak, faqat multfilm yoki koʻngilochar videolarni tomosha qilgan bolalarda nutq koʻnikmalari sekinroq rivojlanadi. Aksincha, interaktiv yoki taʼlimiy kontent koʻrgan bolalar fikr yuritish va tushunganini ifodalashga urinadi. Natijada nutq kechikishi holati kuzatilmaydi.
Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, kontentning sifati, mazmuni va tomosha vaqtida ota-onaning nazorati va muloqoti muhim ahamiyatga kasb etadi.
Gavhar SAYDULLAYEVA



