Bir haftadan buyon havo harorati keskin pasayib, ayrim hududlarda qor yogʻdi. Tabiiyki, bunday sharoitda elektr va gaz taʼminotida qisqa muddatli uzilishlar boʻlishi tushunarli. Ammo ayrim mahallalarda bir sutka davomida elektr energiyasining uzilishi aholi uchun jiddiy noqulaylik tugʻdirdi.

Xabaringiz bor, joriy yilning 28 oktabr kuni Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik mavzusida matbuot anjumani oʻtkazib, respublika boʻyicha 2025 yilgi kuz-qish mavsumida 47 milliard kWh elektr energiyasi isteʼmol qilinishi kutilayotganini maʼlum qilgan edi. Bu esa kunlik oʻrtacha 257 million kWh demakdir. Vazir taʼkidlaganidek, ushbu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 20 million kWhga koʻp boʻlib, generatsiya obʼektlari hisobiga ichki isteʼmol toʻliq qoplanishi rejalashtirilgandi.
Shuningdek, oktabrdagi matbuot anjumanida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 7 455 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari, 1 748 ta transformator punkti yangilangan, 954 ta mahallada elektr taʼminoti yaxshilangan. Gaz taʼminoti boʻyicha esa 553,1 ming kilometr yuqori va oʻrta bosimli gaz tarmoqlari hamda 971 ta gaz taqsimlash punkti taʼmirlangani katta minbarlardan bong urilgan edi.
Ammo amaliyot bu raqamlar hali toʻliq nazoratda emasligini isbotladi. Ayniqsa, shaharlar kesimida elektr va gaz taʼminotidagi uzilishlar, gaz “zapravka”laridagi mashinalarning turnaqator navbatlari buni inkor etib boʻlmas holatga keltirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkorlik subʼektlari rahbarlari tomonidan videomurojaatlar yoʻllanib, ishlab chiqarish toʻxtayotgani, xizmatlar izdan chiqayotgani haqida ochiq noroziliklar bildirildi. Koʻp oʻtmay, Energetika vazirligi rahbariyati nomidan rasmiy uzr soʻrash bayonoti eʼlon qilindi.
Rasmiy murojaatda taʼkidlanganidek, ob-havoning keskin sovushi, yogʻingarchilik va infratuzilmada yuzaga kelgan ayrim nosozliklar elektr taʼminotida uzilishlarga sabab boʻlgan. Shu bilan birga, aholini oʻz vaqtida va ochiq xabardor qilish bevosita masʼuliyat ekani ham tan olindi.
Albatta, sovuq ob-havoda xizmat qilayotgan minglab energetiklarning mehnatini inkor etib boʻlmaydi. Biroq fidoyilik bilan birga kommunikatsiya madaniyati ham boʻlishi shart. Chunki odamlarning noroziligi faqat uzilishdan emas, balki sukutdan ham kelib chiqadi.
Uzr soʻrash — muhim, ammo muammoni yechmaydi. Bekorga xalq orasida: “Qish gʻamini yozda ye”, degan maqol aytilmagan. Elektr va gaz taʼminotidagi nosozliklar uchun aholining turli qatlamlari — talabalar, ishchilar, yosh bolali oilalar, keksalar yoki tadbirkorlar javobgar boʻlmasligi kerak.
Qishning ilk oyidayoq uzilishlar xalq noroziligiga sabab boʻlayotgan boʻlsa, oldimizda yana ikki oylik sovuq kunlar turibdi. Axir, qishning bir kuni ham qish! Umid qilamizki, masʼul idoralar bildirilgan tanqidlardan toʻgʻri xulosa chiqarib, hisobotlarda emas, amalda barqaror taʼminotni taʼminlaydi.
Choʻlponoy AHMEDOVA



