
Turmush oʻrtogʻim bilan bolalikdan birga oʻsganmiz. Kichikligimizdan bahslashib, garov oʻynab yurardik. Garovlashib, hazil-huzil bilan toʻyimiz boʻlib ketganini ham sezmay qolganmiz. Lekin hozir gap bu haqda emas. Oʻn yil birga yashab, uch farzandli boʻlganimizda jiddiy garov bogʻlab qoʻydik. Hazilimiz zilga aylanib, ajrashib ketishimizga bir baxya qoldi. Hammasi mana bunday boshlandi:
Er-xotin bolalarni uxlatib, birga televizor koʻrib oʻtirgandik. Bir guruh taqdirlangan ayollar haqida lavha namoyish etib qolishdi. Ularning koʻpchiligi mahallada faoliyat yuritar ekan. Ularga taʼrif berilganda, “mahallasida bitta ham ajrim boʻlmagan” degan jumlaga alohida urgʻu berib gapirildi.
Boshqa kanalga olayotgan erimning qoʻlidagi pultga intildim.
— Dadasi, ayollar medal olishgan ekan, koʻraylik.
— Hammasi koʻzboʻyamachilik. Mahallasida bitta ham ajrim boʻlmagani uchun medal berganmish, — dedi erim labini burib.
— Buning nimasi yomon? Ajrimning oldi olinsa yaxshi-ku, — dedim hayratlanib (chin dildan).
— Mahalla reytingini shakllantirganda ajrimlar soniga emas, baxtli oilalar soniga qaralsa, raqamlar avvalgidek qolarmikan? Shu haqda oʻylab koʻr-chi, — dedi erim ham boʻsh kelmay.
— Baxtli boʻlmasa birga yasharmidi? Hamma ham sizning xotiningiz emas — yoʻgʻiga ham, boriga ham koʻnib ketadigan. Bitta koʻylak olib bermagani uchun ajrashib ketadigan ayollar ham borligini bilasizmi?
— Davlat imtihonidan yiqilsak, bir yil umrimizni yoʻqotamiz. Hayot imtihonidan yiqilsak-chi? Juft tanlashda adashgan boʻlsak-chi? Unda nima qilish kerak? Bir umr xoʻrlanib, kaltaklanib, tahqirlanib, baxtsiz yashayverish kerakmi? “Yashash” soʻzi bu yerga tushmaydi aslida, “kun oʻtkazish” desak toʻgʻriroq boʻlar, — dedi erim faylasufona.
— Qoʻysangiz-chi, qonun ayollar tomonda. Ajrim boʻlsa, bolalar ona bilan qoladi. Siz oʻzi oʻqituvchimisiz yoki ajrashgan ayollarning advokatimisiz? Nega muncha ularning yonini olasiz?
— Men hech kimning yonini olmadim. Ayol nega ajrim qaroriga keladi? Ayniqsa, uning farzandlari boʻlsa, bu qarorga kelish oson kechmaydi. Bu haqda sen mendan yaxshiroq bilishing kerak.
— Nega erkak ajrim qaroriga keladi? Bu haqda siz yaxshiroq bilsangiz kerak, — dedim bahsda yutqizgim kelmay.
— Sababi koʻp. Ammo bilamanki, ajrim qaroriga kelgan erkakka ayolga qilingani kabi bosim qilinmaydi. Uni tushunishadi. Ayoliga chidab yashagani uchun tasannolar aytishadi. Oxiri majburlikdan ajrashayotganini qistirib oʻtishadi. Bir soʻz bilan aytganda, unga rahm qilishadi. Ajrim qaroriga kelgan ayol esa ruhan, eng yomoni, takror va takror bosimga uchrayveradi.
— Bosim, bosim deyaverib qon bosimimni oshirib yubordingiz. Hech qanday bosim boʻlmaydi. Bu — erkin yashashni istab oilasidan voz kechgan ayollarning uydirmasi, sizga aytsam.
— Ayol boʻlaturib ayollarga rahming kelmaganiga hayronman.
— Nega rahmim kelsin? Mana, men yashayapman-ku bitta oilani, uchta bolani eplab. Ular ham yashasa boʻlardi. Bu dunyoda baxtli boʻlishni ham eplash kerak, sizga aytsam.
— O, siz eplab qoʻygan ekansiz-da! Sizning “qarsingiz” bitta barmogʻingizdan ham chiqaverar ekan-da? Mening rolim yoʻqmi oilamizning baxti butun boʻlishida? — erimning chinakamiga jahli chiqa boshladi. Lekin bu vaqtda men ham yaxshigina qizishgan edim.
— Asosiy rol hamisha ayolning qoʻlida boʻladi. Erkak — bosh, ayol — boʻyin. Boʻyin qotib tursa, bosh qimirlay olmaydi, sizga aytsam.
— Boshingga tushsa bilasan, derdim-u, xotinimsan-da. Oʻzi insof bermasa qiyin.
— Nima? Boshimga tushsa tushaversin! Boʻldi, siz bilan garov oʻynaymiz. “Ajrashamiz” deb mahallaga boramiz. Agar siz aytgan bosim oʻtkazishlar rost boʻlsa, yengilaman, lekin aksincha boʻlsa, siz yengilasiz.
— Esingni yigʻ, bu oson narsa emas. Mahallaning yarashtiruv kengashi seni yarashtirish oʻrniga ajrashtirib qoʻymasin tagʻin.
— Buni oʻshanda koʻramiz. Ertaga mahallada gaplashamiz siz bilan!
Xullas, xuddi bolalik kezlarimizdagidek: “Men sendan kammanmi?”, degan shayton vasvasasi sabab, bir-ikki ogʻiz “garmdorisi koʻproq” gaplardan ham gapirib yubordik...
Bahsni shartta toʻxtatib, xonamga kirib ketdim. Xayolimda: “U nima dedi? Men nima dedim?”, “Hali men nohaq boʻldimmi?” degan oʻylar charxpalak boʻlib aylana boshladi. Bildimki, erim ham aynan shu holatda edi.
Xullas, tong ham otdi. Bolalarni maktabga kuzatib, ishga borishim kerak deyishiga qaramay erimni mahallaga sudradim. Shashimdan qaytadiganga oʻxshamadim; shekilli erim ham “oʻzing bilasan” deb mashina rulini mahallaga burdi. Koʻz ochib yumguncha mahalla raisining xonasida koʻrdim oʻzimni. Atrofimizda oʻnga chogʻli odam bor edi — mahalla yettiligi va faollari. Maqsadimizni eshitgach, nega ajrashmoqchi ekanligimizni soʻrashdi.
Kecha oʻylab qoʻyganim uchun bahonalarni qalashtirib tashladim. Sokin oʻtirgan erim gaplarimni eshitgan sari oqardi, qizardi, asabiylashib oyogʻini qimirlatishni boshladi. Keyin erimdan soʻrashdi. “Ajrashaman, tamom, aytishim shart emas”, dedi erim. Asabiylashganiga u ham bir dunyo bahonalarni qalashtirsa kerak, deb oʻylagandim. Bu javobidan biroz oʻyaldim. Lekin kechagi garov esimga tushib, tezgina oʻzimni yigʻishtirib oldim.
“Siz ham gapirmasangiz boʻlmaydi, ajrash oson narsa emas, yana uchta bola bilan”, dedi kimdir. Erimni gapirmaganiga qoʻyishmadi. Xullas, u ham yomon illatlarimni sanay boshladi. Eshitish yomon boʻlar ekan, chidab turolmadim. Yana gapga tushib ketdim. Jahl ustida nimalar demadim-a. Eng qizigʻi — erim qolib, hamma gapimga mahalladagilar javob qaytarar, erimni oqlab berar edi. Oxiri “Uyda oʻtirasan, pul topmaysan, kelinsalomga chiq”, deb aytadi dedim. Endi bu safar erimni urishib qoʻyishsa kerak, deb oʻylagandim. Ammo “xotin-qizlar vakiliman”, degan ayol: “Nima qilib pul topsangiz? Kelinsalomda erkaklar boʻlmaydiku, sizga toʻyda oʻyna demayapti ekanku”, deb yana oʻzimga dakki berdi. Ogʻzimni ochib qoldim. Nima desam ham, erim haq edi. “Dod” deb yuboray dedim. “Uradi, ichadi, soʻkadi, kun bermaydi”, desam ham, erimni oqlashga vaj topishardi. Oʻzimni oilani yarashtirish kengashida emas, erim va uning advokatlari qurshovida oʻtirgandek his qildim.
Jinni boʻlyapman: erim oʻrnidan turib “Boʻldi, tush oldimga”, dedi, jahl bilan. Shu gapni aytmaganda aniq bir narsa boʻlib qolardim. Shuncha odamdan bittasi hech boʻlmasa koʻngil uchun erimga “Xotingni koʻngliga qara”, deydi-ya, demadi. “Shoshmanglar, rasmga olishga ulgurmadik, bu yigʻilishni rasmiylashtirib qoʻyishimiz kerak”, deydi yana biri.
Mahalla binosidan chiqarkanmiz, bir juvonning koʻzida yosh bilan turganini koʻrib qoldik. Oʻzim bilan oʻzim ovora edim. Erim hol soʻrab, avtobus bekatigacha tashlab qoʻyishini aytdi. Juvon unamadi. Men “Sergaklanib yuring, uyalmang”, deb mashinaga chiqardim.
“Ahvolingiz bir xolda, yaxshimisiz?” — dedim. U toʻlib turgan ekan, avtobus bekatigacha gapirib ketdi.
“Uch yildan beri erim bilan yashamayman. Uch marta sud boʻldi. Ertaga oxirgisi. Sud mahallaning xulosasisiz ajrim qilmaydi. Erkak tomonga mahalladan xulosa olish qiyin emas. Ammo ayollarga kelganda ajrashayotgani uchun millionta nasihat eshitib, koʻrishga koʻzi boʻlmagan erini, qaynonasini va onasini olib kelish aytiladi. Qogʻozbozlik uchun ayolni dardini yangilab gapga solib qoʻyib, rasmga olishadi. Bunday vaqtda sizni rasmga olishlari esa yoʻqda tursin — birov koʻrishini ham istamagan boʻlardingiz.”
Eng yomon tomoni (alam qiladigan joyi ham shu!) — mahallada shu mavzuda maʼlumot beradigan xotin-qizlar vakili ayol kishi ekan. Ayol kishi boʻlgani uchun ham seni tushunmaydi! Chunki u bu hayotni yashab oʻtmagan, uning qizigʻi yoʻq; shunday hayotda yashashi, ushbu ogʻriqlarni his qilishi mumkin emas, deb oʻylarmikan? Yoki bu haqida umuman oʻylamasmikan? Bu muhim emas. Muhimi nima, bilasizmi?
Ajrimni kamaytirish uchun qilingan bu harakatlar natijasida ikki tomon yuzkoʻrmas boʻladi. Yarasi bitmasdan bir-biri bilan yuzlashtirilib, voqealar kavlanaveradi; kavlanaveradi, urish-janjallar kelib chiqadi. Nega ikki tomondan biri aybdor boʻlishi kerak? Nega taraflar oʻzini oqlashga majbur qilinadi? Ikkinchi tomonni loyga belagan tomon oppoq boʻlib qoladimi?
Bekatga yetib kelmaganimizda balki ayol yana uzoq gapirgan boʻlarmidi. Hazilim zilka aylanib ajrashib ketishimizga oz qoldi. Men oʻzim taʼriflagan erkak bilan bir daqiqa ham yasholmasdim. Lekin u yerda...
“Qani endi, yutqizganingni tan olib, meni nima bilan mehmon qilasan?” — dedi erim.
Ichimda “jonim fido boʻlsin, sizga dadasi”, deb turgan boʻlsam ham, ustimda jilmayib qoʻya qoldim.
— Yashasin erimni oqlagan yarashtirish kengashlari... Ishqilib, nima qilib boʻlsa ham, oilani saqlab qolishdi-da... Shularning byurokratligi boʻlmaganda, hazilimizdan oila olov oladigan oʻt chiqardi...
Charos Yoqubova



