Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan “Fidoyi qutqaruvchi” medalini taʼsis etish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.

Mazkur davlat mukofoti bilan quyidagi toifadagi shaxslar taqdirlanishi koʻzda tutilgan:
— uzoq yillar davomida oʻz hayotini xavfga qoʻygan holda fuqarolarning hayoti, sogʻligʻi va mol-mulklarini qutqarishda shaxsan ishtirok etgan FVV va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari;
— xalqaro hamkorlik doirasida xorijiy davlatlarda yuz bergan favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini bartaraf etishda faol ishtirok etgan idora vakillari va koʻngilli qutqaruvchilar;
— insonlar hayotini asrab qolishda jasorat namunasini koʻrsatgan Oʻzbekiston va chet el fuqarolari;
— Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etishda alohida jonbozlik koʻrsatgan tizim mutaxassislari.
“Fidoyi qutqaruvchi” medali bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari (4 million 420 ming soʻm) miqdoridagi bir martalik pul mukofoti oladi. Shuningdek, mukofotlanganlar qonunchilikda belgilanadigan imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega boʻladi.
Medal 0,25 mikron qalinlikda oltin qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanib, diametri 34 millimetrli doira shaklida boʻladi. Mukofotlashga taqdim etish va uni topshirish “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi qonun tartibida amalga oshiriladi.
Qonun loyihasi muhokamasi 14-fevralga qadar davom etadi.



