
Bozorlar, doʻkonlar, savdo rastalari oralab yurganimizda tez-tez shunday manzaraga guvoh boʻlamiz: bola qoʻli bilan oʻyinchoqni koʻrsatib, ota-onasiga erkalanib, xarxasha qiladi. Yorqin rangli, ovozli, harakatlanadigan oʻyinchoq bola uchun jozibador, ota-ona uchun esa uning koʻzlaridagi quvonchni koʻrishning eng oson yoʻlidek tuyuladi.
Koʻp hollarda esa bu vaziyat oʻsha oʻyinchoqni sotib olish bilan yakun topadi.
Tabiiyki savol tugʻiladi: bugun farzandlarimiz qanday oʻyinchoqlar bilan oʻynayapti?
Nega bozor rastalarida milliy qiyofaga ega qoʻgʻirchoqlar deyarli yoʻq?
Ogʻzi qiyshiq, koʻzi qoʻrqinchli, qiyofasi beoʻxshov maxluqlar bolalarning ovunchogʻiga aylanib ulgurishiga nima sabab?
Bolam xursand boʻlsin deb...
Biz ota-onalar bolalarimiz sogʻligʻi, ruhiyatiga chang soladigan oʻyinchoqlarni sotib olib bermayapmizmi?
Farzandimiz jizzaki, urushqoq, odamovi, jahldor boʻlib qolayotganiga oʻzimiz aybdor emasmi?
Afsuski, oʻyinchoqlar borasidagi shoshma-shosharlik ortidan ularning sifati, xavfsizligi, yoshga mosligi kabi muhim jihatlar eʼtibordan chetda qolib ketadi. Ayrim hollarda haddan ortiq katta, ranglari koʻzni qamashtiradigan oʻyinchoqlar sotib olinadi. Ammo bu oʻyinchoq bolaning ruhiy holatiga qanday taʼsir qilyapti?
Ota-ona bola uchun yaxshi ish qildim, deb oʻylaydi. Lekin u oʻyinchoq qanday materialdan tayyorlangani, salomatlikka qanday taʼsir qilishi haqida oʻylashga har doim ham vaqt topilavermaydi.
Soʻnggi paytlarda aholi orasida televideniye, radio va boshqa axborot vositalarida oʻ yin choqlar bolalarning maʼnaviyati, sogʻligʻiga taʼsiri toʻgʻrisida koʻplab fikr-mulohazalar boʻlmoqda. Sababi oʻyinchoqlarning turi nihoyatda koʻp.
Baʼzilari bolaning ongi oʻsishiga, dunyoqarashi shakllanishiga yordam beradi, baʼzilari esa qoʻrqitadi, maʼnaviy rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Bu ham juda muhim, biroq birinchi oʻrinda hozirgi kun oʻyinchoqlarining bola salomatligiga salbiy taʼsiri diqqat eʼtibordan chetda qolmoqda.
Xoʻsh, bu borada bogʻchalarda vaziyat qanday?
Oʻyinchoqlarning tanlanishida belgilangan standart mavjudmi?
Shunday savollar bilani Jizzax shahri maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi Maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliya tini muvofiqlashtirish shoʻʼbasi bosh metodisti Baxtiyor Ibotovga murojaat qildik.
– “Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni ijrosini taʼminlash, shuningdek, ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarga samarali taʼlim-tarbiya berish hamda qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaroriga koʻra, maktabgacha taʼlim tashkilotlarini oʻyinlar toʻplami, oʻyinchoqlar, mebel, jihozlar va boshqa texnik, reabilitatsiya vositalari bilan jihozlash meʼyorlari tasdiqlangan. Biz aynan bogʻchalardagi oʻyinchoqlarning nazoratini monitoring qilamiz. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bilan hamkorlikda oʻyin choqlarning bolalarga zarari va ularning gigiyenik talablarga rioya qilishini taʼminlab boramiz.
Mazkur gaplar isboti oʻlaroq, shah rimizdagi bir nechta xususiy bogʻchalarning holatini kuzatganimizda bolalarning turli sochuvchi va yigʻuvchi oʻyinchoqlari singan yoki davlat standartlariga mos emasligiga guvoh boʻldik. Shuningdek, 37-DMTTga borganimizda milliy ertaklarimizning bosh qahramonlarini aks ettirgan qoʻgʻirchoq, oʻyinchoqlar borligini, ularning mashgʻulotlar davomida bemalol foydalanishiga imkon yaratilganini ham koʻrdik.
– Davlat standartlari asosida bolajonlarining yoshiga qarab, kichik, oʻrta, katta va tayyorlov guruhlarimiz mavjud. Bunda ular-ning yoshiga mos ravishda oʻyinchoqlar tanlanadi. Bu ularning aqliy rivoj lanishida katta ahamiyatga ega. Olti yillik mehnat faoliyatimda bolalarning oʻyinchoqlar bilan oʻynash texnikasi, uni tushunishi, taqlid qilishi va ularning taʼsirini yaxshi anglayman. Yaqin 3-4 yillikda davlat standart talablariga koʻra, yumshoq oʻyinchoqlardan foydalanish taqiqlandi. Chunki ular allergiya chaqiruvchi, chang va bakteriyalarni oʻzida saqlovchi oʻyinchoq turiga kiradi. Baʼzida ota-onalar bogʻcha yoshidagi bolalarga umuman yoshiga mos boʻlma-gan yumshoq va qoʻrqinchli, tigʻli oʻyinchoqlarni sotib olib berishadi. Bu notoʻgʻri. Masa-lan, bogʻchamizda milliy maʼnaviyatimizga mos qoʻgʻirchoqlar, oʻyinchoqlar mavjud. Bolalarning mashgʻulot soatlariga qarab qoʻlga kiyiladigan qoʻgʻirchoqlardan ularning oʻzlarini bevosita qatnashtirib, teatrlashgan sahnalar uyushtiramiz, - deydi37-DMTT tarbiyachisi Umida Mamateminova. – 5 ta markazimiz boʻlsa, shundan bittasi syujetli-rolli sahnalashtirilgan oʻyinchoqlarni yasab, bizga yetkazib beradi.
Biz ularga asosan, oʻzbek xalq ertaklaridagi qahramonlar: Zumrad va Qimmat, Egrivoy va Toʻgʻrivoy, Ur toʻqmoq, kabi obrazlarning qoʻgʻirchoq variantini yasashini aytamiz. Bundan tashqari sanitar-gigiyenik qoidalarga rioya qilgan holatda har uch kunda bolalar foydalangan oʻyinchoqlarni yuvib tozalaymiz. Bu albatta, bolalar salomatligi uchun muhim.
Bozordagi oʻyinchoqlar bola ruhiyatiga mosmi?
Tahlilni davom ettirgan holda, doʻkonlarni aylanishga qaror qildik. Oʻyinchoq sotiladigan doʻkonlarda vaziyat qanday? Xaridorlar qanday oʻyinchoqlarni xarid qilmoqda? Xalq orasida “Koʻk bozor” nomi bilan mashhur boʻlgan bozor ichida joylashgan hududda bir qancha oʻyinchoq doʻkonlari mavjud. Mazkur doʻkonlarning ayrim sotuvchi va xaridorlarini suhbatga chorladik.
– 10 yildan buyon oʻyinchoq sotaman. Koʻpchilik ota-onalar oʻyinchoq olishda farzand lari bilan kelishadi. Hozirda elektr, batereykali oʻyinchoqlar xaridorgir sanaladi. Shuningdek, eng “uchayotgani” “Oʻrgimchak odam” oʻyinchogʻi boʻladi. Narxiga talashishmaydi. Ogʻrinmay olishadi, -– deydi sotuvchi Saydulla aka Nazarov.
Shu fursatdan foydalanib, bir nechta xaridorlarning mavzuga doir fikri bilan ham qiziqdik.
– 4 ta nabiram bor, nafaqa tushishi bilan birinchi manzilim shu yer boʻladi. Ularning hammasi bogʻcha yoshidagi bolalar. Shuning uchun koʻproq oʻyinchoq doʻkoniga kirsam, mantiqni rivojlantiradigan, xavfsiz va allergiya qoʻzgʻatmaydigan oʻyinchoqlar olaman. Chunki nabiralarimga umuman telefon va televizor koʻrsatmayman. Ularning oʻyinchoqlar va turli oʻyinlar orqali vaqt oʻtkazishini taʼminlashga harakat qilaman, – deydi Munavvar opa Asadova. – Oʻyinchoq xarid qilayotganimda baʼzida firmasi va brendiga qaramayman, farzandim bilan kelib, tanlagan oʻyinchogʻini xarid qilamiz. Lekin hozir mana shu doʻkonda kattalarni ham choʻchitadigan qoʻrqinchli, qoʻpol oʻyin-choqlarga koʻzim tushdi. Iloji boricha bunday oʻyinchoqlarni sotib olishdan cheklanaman, – deydi Muhabbat opa Farmonova.
Demak, bozor rastasidagi bir qarich plastik buyum ortida koʻzga koʻrinmas, ammo jiddiy xavflar yashiringan boʻlishi mumkin...
Bola sogʻligʻi tajriba maydoni emas
Bola oʻynayotgan oʻyinchoq – faqat vaqt oʻtkazish uchun emas, balki tafakkur, nutq, his-tuygʻu va ijtimoiy koʻnikmalarni shakllantiruvchi jarayon hisoblanadi. Shuning uchun har bir oʻyinchoq bolaning jismoniy va ruhiy salomatligiga bevosita taʼsir koʻrsatadi. Afsuski, bugun bozorlar-u doʻkonlar rastalarini toʻldirgan oʻyinchoqlarning hammasini ham xavfsiz deb boʻlmaydi.
Sifatsiz oʻ yin choqlarning asosiy xavfi – ular tayyorlanadigan materiallarda. Ayrim arzon plastik oʻyinchoqlar tarkibida salomatlik uchun xavfli boʻlgan qoʻrgʻoshin, kadmiy, simob kabi ogʻir metall elementlari mavjud boʻlishi mumkin.
Bu moddalar – bola ogʻzi, qoʻl terisi orqali, hatto nafas olish jarayonida organizmga kiradi. Ayniqsa, 3 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun bu oʻta xavfli. Chunki ular oʻyinchoqni ogʻziga solish orqali dunyoni “taniydi”. Baʼzida ijtimoiy tarmoqlar orqali reklamaga urgʻu berayotgan va shu orqali ommaga targʻib qilinayotgan oʻyinchoqlar bolada allergiya holatlarini keltirib chiqarayotgani haqida eshitamiz, oʻqiymiz, guvohi boʻlamiz.
– Koʻpchilik oʻyinchoqlarni faqat koʻngilochar vosita deb biladi. Aslida esa oʻyinchoq — bola ongining oynasi. Zoʻravonlik, urush, qahr-gʻazabni targʻib qiluvchi oʻyinchoqlar bolada agressiv xulqni shakllantiradi. Ayniqsa, qurol koʻrinishidagi oʻyinchoqlar bolani muammoni kuch bilan hal qilishga oʻrgatadi. Yaqinda kenja farzandim internet tarmoqlarida trendga aylangan “Labubu” nomli oʻyinchoqni olib berishimni qayta-qayta takrorladi. Lekin oʻyinchoqning tashqi koʻrinishi, koʻz va ogʻiz aylanasidagi qoʻrqinchli qiyofasi bolalar u yoqda tursin, kattalarni choʻchitib yubrishi tayin, – deydi psixolog Mohira Hasanova. – Oʻyinchoq bolani oʻylashga, ijod qilishga undashi shart. Maxluqlar, agressiv qahramonlar, ilmiy til bilan aytganda, transformer oʻyin choqlar bolada (ayniqsa, haddan ortiq faol boʻlsa) agressivlikni uygʻotadi, vazmin bolalar esa oʻz qobigʻiga oʻralib olishi mumkin.
Istalgan doʻkonda topsa boʻladigan, birgina tugma bosilganda harflarni aytib berishi, qoʻshiq kuylashi va raqamlar ketma-ketligida sanashi mumkin boʻlgan gadjetlar bolaning rivojlanishiga toʻsqinlik qiladi. Bunday aqlli oʻyinchoqlar bolani mustaqil oʻylashiga qoʻyib bermaydi. Rangning haddan ortiqyorqinligi sabab esa stress keltirib chiqarishi ham mumkin.
Bu borada aynan qiz bolalar oʻynaydigan qoʻgʻirchoqlar masalasi ham jiddiy oʻylashni talab qiladi.
Nega bozorlarimizda oʻzimizga xos, milliy qiyofadagi qoʻgʻirchoqlar deyarli uchramaydi?
Nega"Barbi" yoki "L.O.L" kabi tashqi qiyofasi oshirib yuborilgan qoʻgʻirchoqlar asosiy oʻrinni egallagan?
Bu qoʻgʻirchoqar qiz bolaning onalik haqidagi tasavvurini qanday shakllantiradi?
Oʻzidan kamchilik izlash, tashqi koʻrinishga ortiqcha eʼtibor berish kabi salbiy holatlar keltirib chiqarmasligiga kim kafolat beradi?
Nega qoʻgʻirchoq yasaydigan mahalliy hunarmandlar yoʻq yoki qoʻllab-quvvatlanmayapti?
Nega sifatli oʻyinchoqlarning deyarli barchasini import orqali olayapmiz?
Bu bozorni ham standartga solish vaqti kelmadimi? Xullas, savollar bisyor.
Elektron oʻyinchoqlar: Zamonaviylikmi yoki xavf?
Soʻnggi yillarda bozorni elektron oʻyinchoqlar egalladi: robotlar, ovozli hayvonchalar, masofadan boshqariladigan mashinalar. Ammo ularning ham xavfi yoʻq emas. Past sifatli batareyalar qizib ketishi, simlarning ochiq qolishi, elektr zarbasi xavfi bolaning hayoti uchun jiddiy tahdid soladi.
– Bozordagi oʻyinchoqlarning asosiy muammosi – nazoratsizlik. Koʻp oʻyinchoqlar sertifikatsiz kirib kelyapti. Ular hech qanday laboratoriya tekshiruvidan oʻtmagan. Arzon, brendi koʻrsatilmagan, ishlab chiqaruvchisi nomaʼlum boʻlgan oʻyinchoqlar. Ayniqsa, batareyali va mayda detalli mahsulotlar xavfli, – deydi texnik ekspert, oʻyinchoqlar standarti boʻyicha mutaxassis Javlon Rahmatov. Doʻkonlarda oʻyinchoqlarni sotishdan oldin ularga gigiyenik sertifikat yoki sanitariya-epidemiologiya xulosasi olinishi shart. Oʻyinchoqlar xavfsizlik jihatidan tekshiruvdan oʻtkazilmasa, u bola sogʻligʻiga zarar yetkazishi mumkin. Ota-ona asosiy eʼtibor berishi kerak boʻlgan narsa bu – qutisida ishlab chiqaruvchi, yosh toifasi, sertifikat raqami koʻrsatilgan oʻyinchoqlarni tanlashidir.
Bu muammo farzandlarimiz kelajagi bilan bevosita bogʻliq ekan, albatta, oʻyinchoqlar bozori ustidan nazoratni kuchaytirish zarur.
Sertifikatsiz mahsulotlarni sotishga chek qoʻyish, import qiluvchilarni qatʼiy javobgarlikka tortish vaqti keldi.
Xaridor ham sotuvchi ham oʻyinchoqlarning ishlab chiqarilishi va ularning xususiyatlari toʻgʻrisida birlamchi maʼlumotlarga ega boʻlishi zarur.
Bu masalaga yengil qarash ertangi jamiyatga nisbatan beeʼtiborlikdir. Zero bozorlarga aylanma yoʻllar bilan keltirilayotgan va sertifikatga ega boʻlmagan oʻyinchoqlarning xavfsizligiga kafolat yoʻq.
Xulosa shuki, qoʻgʻirchoq va oʻyinchoqlar bolalarning maʼnaviyatiga, aqliy rivojlanishiga, sogʻligiga tugʻdiradigan xatarga emas, aksincha, barkamol avlod tarbiyasiga xizmat qiladigan vositaga aylansin.
Choʻlponoy AHMEDOVA



