
Garchi ob-havo maʼlumotlari oldindan aytilgan, qor yogʻishi kutilayotgan boʻlsada, kommunal xoʻjalik xodimlari bu xolatga umuman tayyor emasligi ayniqsa yaqqol koʻzga tashlandi. Ancha vaqtgacha yoʻllarning, yoʻlaklarning qordan tozalanmaganligi haydovchilarga ham, yoʻlovchilarga ham olam-olam qiyinchiliklar keltirib chiqardi.
Tabiat qanday injiqlik qilmasin, ish, oʻqish yoki boshqa zaruriyat tufayli koʻchaga chiqishga majbur boʻladi kishi. Manzilga yetib olish uchun kimdir jamoat transportini maʼqul koʻrsa, boshqa birov yoʻnalishsiz taksi xizmatidan foydalanadi. Biroq, yuzaga kelgan tashvishlardan unumli foydalanib qolishga intilayotgan “uchar” haydovchilar koʻpchilikning asabini buza boshlashdi.
Shaxsiy avtotransport haydovchilari yogʻilgʻi quyish shaxobchalari – “ metan zapravka” lar faoliyatiga vaqtincha oʻzgartirish kiritilganidan foydalanib, yoʻl kira haqini ikki baravarga, yaʼni 10 ming soʻmga oshirib olishdi.
Sababini soʻrasak, iddaoli javob boʻldi:
- Yoqmasa oʻtirmang. Majburlayotganimiz yoʻq. Bizdayam bola-chaqa bor. Bir kun “zapravka”da turib, vaqtni oʻtkazgandan keyin iloj yoʻq. Ketkazgan vaqtimizda ishlaydigan pulimizni ham chiqarishimiz kerak-ku! Benzinda kira qilayotganlar uchun esa 5 ming soʻm xarajatlarni qoplamaydi. Bizga ham odamlarga yomon koʻrinish yoqayotgani yoʻq.
Suhbatga ikkinchi yigit aralashdi:
- Yaqin masofalarga 5 ming bilan qatnayapmiz. Aytaylik, “Koʻk bozor”dan stadion yoki S-2 dan “oblastnoy bolnitsa”gacha 10 ming deyishga vijdonimiz qiynalayapti. Stansiyadan Osiyo bozorga qatnaydiganlar ham 10 mingdan qatnashayapti. Faqat shahar ichida emas, bu holat. Xullas, masofaga qarab narxni belgilayapmiz.
Gaplarimizni eshitgan yoʻlovchilar ham jim turishmadi.
- Sharof Rashidov tumanida yashayman. Har kuni ishga kelib ketish uchun ikkita transport almashtiraman, - deydi M.Shuhratova. - Odatiy kunda borish-kelish yoʻlkira haqi uchun 15-20 ming soʻm sarflayotgan boʻlsam, bugun ishga kelishimning oʻzi 20 ming soʻmga tushdi. Sababi tongda jamoat transporti juda siyrak edi. Taksistlar esa “zapravka”larning yopiqligi bahonasida narxlarni oshirib olishgan.
Suhbatimizga yoshi katta onaxon aralashdi:
- Avtobus boʻlmagandan keyin ilojsiz taksiga oʻtiramizda. “Zapravka”lar ochilganda birinchi navbatda avtobuslarga gaz berilsa, aholi topganini yoʻlkiraga sarflamasdi. Har qor yoqqanda shu takrorlanaveradi, afsuski.
Energetika vazirligining axborotiga koʻra, bugun, 22 dekabr 10:00 dan 16:00gacha respublikamizning barcha hududlaridagi zapravkalar oldingi ish faoliyatiga qaytadi.
Jamoat transportidagi yoʻlkira haqi mutasaddi tashkilotlar tomonidan tartibga solinadi. Shaxsiy avtotransport egalari esa narxni istagan payti oʻz xohishlariga koʻra oshirib olishadi. Afsuski, buni tartibga soladigan tashkilot yoʻq. Hammasi haydovchining vijdoniga bogʻliq...
Biroq, buni yoʻlovchilarga tushuntirish ancha qiyin kechishi aniq. Yoʻlkira haqining oshishi, mexanik tarzda boshqa xizmatlarning, tovarlarning narxi oshishiga olib keladi. Bu esa haqli ravishda odamlarning noroziligiga sabab boʻladi.
Ayni paytda Jizzax shahridagi aksariyat “metan zapravkalar” ochilgan. Faqat ularda turnaqator navbatlarning oxiri koʻrinmaydi. Gap bunda emas. Eng muhimi, bu asossiz koʻtarilgan yoʻlkira narxlarining eski holatiga qaytishini taʼminlaydimi?
Chunki, pul turganda odamlarning tashvishini oʻylamaydigan, vijdonni “qopga solib qoʻyadigan ucharlar” oramizda afsuski topiladi. Bu boradagi aniq va sinalgan uslub, yoʻlkira haqini asossiz oshirgan haydovchilarga nisbatan maʼmuriy choralar koʻrilishini taʼminlashdir. Bu muammo yechimi koʻp jihatdan xalq ishonch bildirib saylagan deputatlarimizga ham bogʻliq. Biroq biron joyda yoki ijtimoiy tarmoqlarda deputatlarning bu boradagi fikrlariga koʻzimiz tushmadi.
Hali qishning birinchi oyi xolos. Oldinda yana qancha qorli, sovuq kunlar borligini hech kim aniq ayta olmaydi. Har gal qor yogʻsa, sovuq tushsa, odamlarni shu tashvishlar qayta-qayta tapshvishga solaveradimi? Yo bu muammolar yechimini kimdir zimmasiga oladimi?.
Hozircha esa, kunlar isishini, kommunal xizmat xodimlariga, gaz, elektr taʼminotidagi “okaxon”larga oʻz ishlariga masʼuliyat bilan yondashishlarini, “uchar haydovchilarga” esa xudo insof berishini soʻrashdan boshqa iloj yoʻqqa oʻxshaydi...



