
Mehnat kodeksining 253-moddasiga koʻra, xodimlarga ish haqi toʻlash muddatlari jamoa shartnomasida yoki ichki hujjatda, ular mavjud boʻlmaganda esa mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan muddatlarda belgilanadi va har yarim oyda bir martadan kam boʻlishi mumkin emas. Xodimlarga oylik ish haqi, qoida tariqasida, oʻn olti kundan koʻp boʻlmagan tanaffus bilan ikki qismga boʻlingan holda, boʻnakda va qolgan qismi miqdorida toʻlanadi.
Mazkur qonun talabiga mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, har bir ish beruvchi amal qilishi shart. Trikotaj faoliyati bilan shugʻullanuvchi “M-TEKS” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbariyati mana shu qonun normasini “unutib qoʻydi” va oʻz xodimlari ish haqining bir qismini toʻlashni asossiz ravishda paysalga sola boshladi.
Masala kun sayin choʻzilavergach, bir guruh xodimlar tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi Davlat mehnat huquq inspeksiyasiga murojaat qilishadi. Inspeksiya esa oʻz navbatida bir guruhning xodimlarning manfaatini koʻzlab MCHJga nisbatan ish haqi undirish haqidagi daʼvo ariza bilan sudga murojaat etdi.
Sud masalaga huquqiy baho berish jarayonida daʼvogarlar va javobgarning fikrlarini eshitdi. Javobgarning tan olishicha, ishga xodimlar ogʻzaki kelishuv asosida qabul qilingan va har biriga turli miqdorda ish haqlari vaʼda qilingan. Maʼlum davr mobaynida xodimlar chindan ham tikuvchilik faoliyatini amalga oshirishgan hamda oʻzlarining zimmalariga yuklatilgan vazifalarni ado etishgan. Ish beruvchi esa har bir xodimga ish haqining maʼlum qisminigina toʻlagan. Masalan, N.A.ga 1 million 680 ming, K.J.ga 2 million 700 ming soʻm, D.M.ga 1 million 500 ming soʻm toʻlagan boʻlsa, F.M. va Sh.M.larga berilishi lozim boʻlgan ish haqi miqdori umuman toʻlanmagan. MCHJ rahbari suddagi koʻrsatmasida xodimlarga toʻlagan mablagʻlari chegirib tashlanib, qolgan qismini haqdorlarga toʻlab berishini maʼlum qilib, suddan ishni qonuniy hal qilishni soʻradi.
Sud nizoni ish hujjatlariga qoʻshib, qonun talablari asosida batafsil oʻrganib, javobgardan N.A. foydasiga 4 million 926 ming 450 soʻm, K.J. foydasiga 5 million 816 ming soʻm, D.M. foydasiga 4 million 316 ming soʻm, F.M. foydasiga 2 million 204 ming soʻm, Sh.M. foydasiga 2 million 244 ming soʻm ish haqi undirish haqidagi toʻxtamga keldi.
Shu bilan birga, javobgar MCHJdan sud depozitiga 41.200 soʻm pochta xarajati hamda davlat foydasiga 780.258 soʻm davlat boji undirilishi ham belgilandi.
Tadbirkorlik faoliyati uchun har soniya vaqt va bir soʻm mablagʻ ham nihoyatda muhim hisoblanadi. Nomi tilga olingan MCHJ rahbariyati ana shu haqiqatni tushunib, nizoni sudgacha hal etish choralarini koʻrganida vaqtidan ham, naqdidan ham yutgan boʻlar edi. Zotan, ish sud muhokamasiga qadar yetib kelgani uchun javobgar zimmasiga davlat boji va pochta xarajati qoʻshimcha yuk boʻlib tushdi. Tafsilotlari qisqacha hikoya qilingan ushbu holat esa Mehnat qonunchiligidan qochishga uringan har qanday ish beruvchi uchun saboq boʻlishi kerak.
Xurshid Yusupov,
fuqarolik ishlari boʻyicha Gʻallaorol tumanlararo sudi sudyasi



