
Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirokida press-tur tashkil etildi.
Unda boshqarma tomonidan joriy yilning oʻtgan davri mobaynida amalga oshirilgan ishlar, bojxona tizimidagi yangilik va islohotlar, shuningdek, kelgusidagi rejalar toʻgʻrisida soʻz bordi.

Press-tur doirasida ishtirokchilar “Jizzax TIF” bojxona posti, “BMB NRC Agrologistics” hamda “ADM Jizzakh” MCHJ faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Ishtirokchilar bojxona omborlarida tovarlarni saqlash, rasmiylashtirish va nazorat qilish jarayonlari, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun yaratilgan yengilliklar hamda zamonaviy axborot texnologiyalarining amaliyotga joriy etilishi yuzasidan maʼlumotlarga ega boʻlishdi.

– Oʻtgan 2025 yil hamda joriy yilning oʻtgan davri davomida boshqarma tomonidan davlat byudjetiga belgilangan 2,89 trillion soʻmlik reja 106 foizga bajarilib, amalda 3,06 trillion soʻmlik bojxona toʻlovlari undirildi. Shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga 3,79 trillion soʻmlik bojxona imtiyozlari qoʻllanildi, – deydi Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi boshligʻi Farhod Artikov. - Shuningdek, ushbu davrlarda 2,18 milliard soʻmlik tafovutlar aniqlanib, oʻtkazilgan bojxona ekspertizalari natijasida 8,3 milliard soʻm miqdorida qoʻshimcha bojxona toʻlovlari hisoblandi.

Boshqarma tomonidan raqamlashtirish va elektron deklaratsiyalash tizimlarining keng joriy etilishi natijasida bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlari soddalashtirilib, inson omilini qisqartirish hamda tadbirkorlar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur saʼy-harakatlar natijasi oʻlaroq, 2025–2026 yillar davomida tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida qator huquqbuzarlik holatlari fosh etildi. Jumladan, 7 ta holatda qiymati 256 mln soʻmlik qariyb 6 ming quti tamaki mahsulotlari, 28 ta holatda sal kam 3 mlrd soʻmlik 8 262 litr spirt va alkogol mahsulotlari, 33 ta holatda 30 mln soʻmlik 4 ming litr neft mahsulotlari, 5 ta holatda 1 mlrd 405 mln soʻmlik 1 kg 794 gramm zargarlik buyumlari hamda 21 ta holatda 20 mln soʻmlik 74 ming donadan ortiq pirotexnika mahsulotlari aniqlanib, belgilangan tartibda choralar koʻrildi.

Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlarni qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javoblar berildi.
G.SAYDULLAYEVA



