
Jizzax viloyatida yoz mavsumida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan matbuot anjumani va press-tur tashkil etildi. Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan uyushtirilgan ushbu tadbirda aholi va hududlarni muhofaza qilish borasida olib borilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.

Ochiq muloqot shaklida oʻtgan mazkur tadbirda viloyatdagi tegishli hamkor tashkilotlar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, tajribali jurnalist va blogerlar faol ishtirok etishdi.

Matbuot anjumani davomida ishtirokchilarga yoz mavsumida aholi xavfsizligini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar haqida keng maʼlumotlar berildi. Xususan, suv havzalarida choʻkish bilan bogʻliq hodisalarning oldini olish, bolalar oromgohlarida xavfsizlik choralarini kuchaytirish, yuqumli kasalliklarning profilaktikasi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar alohida qayd etildi. Mutaxassislar mavzular yuzasidan zarur tushuntirishlar berib, OAV vakillarining barcha savollariga batafsil javob qaytardilar.

Tadbirning amaliy qismi – press-tur doirasida suvda choʻkayotgan insonni qutqarish va unga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha koʻrgazmali mashgʻulotlar namoyish etildi. Shuningdek, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda qoʻllaniladigan zamonaviy maxsus texnikalar, qutqaruv vositalari va asbob-uskunalar ishtirokchilarga tanishtirildi.

—Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad "Yoz mavsumida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlardan aholi va hududlarni muhofaza qilish borasida olib borilayotgan ishlar" toʻgʻrisida jamoatchilikni xabardor qilishdan iborat, - Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Abdunabi Mustafoyev. - Bizning asosiy maqsadimiz aholining xavfsizligini taʼminlashdan iborat. Yaqinda boʻlib oʻtgan yogʻingarchiliklar oldidan aholi ogohlantirildi, hududlarda yuzaga kelgan sel va suv toshqinlarida jamoamiz bilan birgalikda ularni bartaraf etishga erishdik.
Mazkur tadbir aholini yoz mavsumida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlardan ogohlantirish, fuqarolarning xavfsizlik madaniyatini oshirish hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish borasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
X.Suyunova
J.Yarobekov olgan suratlar



