Kechqurun kunboʻyi oʻtgan uchta yigʻilishdan keyin horib tolib uyga qaytishga chogʻlandim. Ishga yangi kelganim, hali bunaqa yigʻilishlarga oʻrganmaganim uchun turli mavzuda boʻlgan uchta yigʻilishda aytilgan gap-soʻzlar, bildirilgan taklif va mulohazalar, topshiriq va vazifalar miyamda qorishib ketdi. Bir-biriga mutlaqo teskari boʻlgan mavzularni aralashtirib yuborib, kulguga qolmaslik uchun, topshiriq va vazifalar yuzasidan reja ishlab chiqishni ertaga qoldirdim.

Sudralib zinapoyadan birinchi qavatga tushsam, zaldagi turli yangiliklar, toʻyxatlar osib qoʻyiladigan taxtachadagi eʼlonga koʻzim tushib qoldi.
“Diqqat eʼlon!
Ertaga hamma soat 9.00 da yigʻilishga!
Mavzu: “Yigʻilishlarni qisqartirish – davr talabi”. Barcha rasmiy kiyimda mavzuga tayyor holda, taklif va mulohazalarni shakllantirib kelishi shart. Kechikkanlarga chora koʻriladi”, deb yozib qoʻyilgan ekan bir parcha qogʻozga.
Birdan koʻnglimga yorugʻlik yugurdi. “Xayriyat-ey, nihoyat ohimiz tepadagilarga yetib boribdida. Yigʻilishlar qisqartirilar ekan”, deb oʻylab sevinib ketdim.
Xullas, ertasiga yigʻilishlarni yigʻishtirish toʻgʻrisidagi yigʻilishga hamma qatori yaxshi kayfiyatda keldim. Biroq...
Dastlab har doimgidek, ikkita bolasini bogʻchaga qoʻyishga ulgurmagan hamxonam Dilfuza opa yigʻilishga bir daqiqa kechikib keldi. Boshliq ham shuni kutib turgan ekan shekilli, boshladi:
- Shuncha ogohlantirishimizga qaramasdan baʼzi bir ishga masʼuliyat bilan yondashmaydigan xodimlarimiz hatto yigʻilishga ham kechikib kelishdi. Oʻta dolzarb yigʻilishga. Roppa-rosa bir daqiqa. Sizga bu qisqa muddat boʻlib koʻrinishi mumkin. Biroq, oʻrtoqlar, oʻylab koʻrilsa, bir daqiqada nima ishlar qilish mumkin?..
Xullas, roppa rosa yarim soat bir daqiqada nima ishlar qilish mumkinligi haqidagi maʼruzani tingladik.
- Protokolga kiriting, - deb tugatdi boshliq gapini. – Ertaga ishga, yigʻilishga kech qoladiganlar, intizomga rioya qilmaydigan xodimlar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazib, keskin choralar koʻrishga kelishib olamiz.
Shundan soʻng ish unumdorligini oshirish uchun yigʻilishlarni qisqartirish, xodimlarni koʻp yigʻilishlarga jalb qilavermaslik toʻgʻrisida tepadan kelgan koʻrsatmani muhokama qilishga kirishdik. Mavzu yuzasidan boshliq oʻrinbosariyam roppa-rosa qirq besh daqiqa maʼruza qildi. Shundan soʻng istagan mavzuda istagan vaqt gapirishga qodir boʻlgan, yigʻilishlarda qatnashaverib “pishib ketgan” tajribali xodimlarimiz soʻzga chiqib, mavzuning dolzarbligi haqida yigʻilganlarga tushunchalar berib oʻtishdi.
Yigʻilishlar soʻngida yigʻilishlarni keskin qisqartirish yuzasidan berilgan taklif va mulohazalar inobatga olinib, dam olish kunlari yigʻilish oʻtkazish kamaytirilsin, degan qaror qabul qilindi.
Ushbu qaror yuzasidan boʻlimlar tizimida tavsiyalar ishlab chiqish va ertasi kuni boʻladigan tartib-intizomga bagʻishlangan yigʻilishdan soʻng, qisqagina yigʻilish qilib, ushbu tavsiyalarni tasdiqlashga kelishib olindi.
Boshligʻimiz yigʻilishga yakun yasar ekan, tushlikdan soʻng hamma onlayn tarzda boʻladigan boshqarmaning yigʻilishiga qatnashishi zarurligini alohida taʼkidlab oʻtdi. Bir koʻnglim, “Boʻldida endi, yigʻilishlardan charchamadingizmi? Bunaqada qachon ishlaymiz”, deb aytgim keldi-yu “shaytonga hay berdim”...
Yigʻilishdan chiqar ekanman, bir daqiqada qancha foydali ishlar qilish mumkin ekanligi haqidagi kallamda gʻujgʻon oʻynayotgan dono gaplar, kecha boʻlib oʻtgan uchta yigʻilishda aytilgan fikrlarga qorishib ketgan, oʻsha kez birov isming kim desa adashadigan holga kelgandim.
Biroq koʻnglimda tushlikdan soʻng boshqarma tomonidan oʻtkaziladigan onlayn tarzdagi yigʻilish, bugun oxirgisi boʻlsinda, degan ilinj menga kuch berib turardi.
Shohjaxon Anvarov



