
Baʼzan yarim hazil, yarim chin tarzda aytiladigan bu savolni siz ham koʻp eshitgansiz. Biroq jiddiy mushohada yuritib koʻrsangiz, bu savol zamirida yangidan yangi maʼno - mazmun topishingiz mumkin. Chunki taom - bu qondir, qon - bu jondir degan gap bor. Inson sogʻligʻi, kayfiyati, uzoq umr siri, hatto ish unumdorligi isteʼmol qiladigan taomlarimiz, yeydigan ozigʻimiz bilan uzviy bogʻliq.
Nafaqat keksa avlod, balki oʻrta yoshdagi kishilar ham yaqin oʻtmishimizda qishloqlarimizdan oqib oʻtuvchi ariqlarda tandirdan
yangi uzilgan issiq kulchalarni suvga oqizib yeyishganini entikib eslashadi. Bogʻlardagi sarxil mevalar hamda sabzavotlar... Hatto “shaharliklar” yoz kunlari meva–chevaga, yaʼni “vitamin”ga, sut-qatiqqa toʻyish uchun qishloqlarda yashaydigan qarindosh-urugʻlarinikiga, tanishlarinikiga farzandlari bilan safarga otlanganliklarini yuraklari orziqib yodga olishadi.
Oʻsha paytlar ovqat shunchaki qorin toʻydirish uchun vosita emasdi. Hyech kim “buning tarkibida nima bor ekan”, deb oʻylamasdi ham. Chunki ozuqamiz, bugungi til bilan aytganda, ekologik toza edi. Afsuski, hozirda har kungi dasturxonimizning “koʻrki”ga aylanayotgan kolbasa, sosiska, konserva, yarim tayyor taomlar (polufabrikat)va gazli ichimliklar inson sogʻligʻi bilan bogʻliq turli muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bu turdagi mahsulotlar toʻqlik hissini berishi mumkin, biroq organizmni zarur tabiiy moddalar bilan taʼminlamaydi. Baʼzilari juda arzon. Lekin aynan shu qulaylik ortida katta muammo yashiringani ham sir emas. Sunʼiy mahsulotlarning tarkibidagi moddalar, ularning zararlari oqibatida yurak, jigar, oshqozon, endokrin va asab tizimiga oid xastaliklarning kelib chiqishi fanda isbotlangan.
Mahsulotlarning qayta ishlangani qanday boʻladi? Qayta ishlash tabiiy oziq-ovqatning dastlabki koʻrinishini oʻzgartiradi, unga qoʻshimcha moddalar qoʻshilib, ishlab chiqarish jarayonida tarkibiy qismi buzilgan ovqat turiga aylanadi. Ularning tarkibiga saqlanish muddatini uzaytirib beradigan konservantlar qoʻshiladi. Natijada inson tanasi uchun foydali tomonlari kam, kaloriya miqdori esa yuqori boʻladi.
Mutaxassislar taʼkidlashicha, bunday mahsulotlarda trans-yogʻ va tuz juda koʻp miqdorda mavjud boʻlib, yogʻlar organizmda “yomon” xolesterinni oshiradi. Oqibatda qon tomirlari tiqilib, yurak-qon tomir kasalliklari xavfi ortadi. Bundan tashqari, ortiqcha tuz isteʼmoli qon bosimini koʻtarib, gipertoniya, insult va yurak yetishmovchiligi kabi kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Keyingi xavf bu — ortiqcha shakar. Gazli
ichimliklar, shirinliklar va yarim tayyor desertlar koʻpincha oʻzida meʼyoridan bir necha baravar koʻp shakar saqlaydi. Bunday shakar
organizmda tez soʻrilib, yogʻ sifatida toʻplanadi. Jarayon semirish, 2-toifa diabet hamda metabolik sindromiga olib keladi. Shuningdek, tishlar uchun ham katta xavf tugʻdiradi. Bu hammasi emas. Eng katta muammolardan yana biri oziq moddalar sifatining yoʻqolishidir. Qayta ishlash jarayonida mahsulotdagi tabiiy vitamin va minerallar sezilarli darajada kamayib ketadi. Natijada odam kaloriyani koʻp qabul qiladi, lekin toʻyimli ovqatlanmaydi. Masalan, oq non ishlab chiqarishda donning foydali qismlari olib tashlanadi, bu esa organizmda tolalar va V vitaminining
tanqisligini keltirib chiqaradi, semirish ham ikki baravar oshadi.
Oʻzbekistonda ham bu muammo yaqqol koʻrina boshladi. Soʻnggi yillarda qandli diabet, semizlik va yurak-qon tomir kasalliklari yoshlar orasida ham koʻpaymoqda. Ilgari bunday kasalliklar asosan yoshi kattalarda uchrardi. Bugun esa 25–30 yoshlilarda ham uchrashi oddiy holga aylandi. Bu ovqatlanish madaniyatining ham oʻzgarib borayotganini koʻrsatadi.
— Fastfud yoki yarim tayyor ovqatlarni pishirib yeyish oson va qulay
boʻlishi mumkin. Lekin ular zararli trans-yogʻ, tuz va qoʻshimchalarga boy. Shularning oʻrniga yangi sabzavot va mevalarni tanlash foydaliroq. Ular tabiiy vitamin va minerallar manbai boʻlib, immunitetni
mustahkamlaydi va hazm qilishni yaxshilaydi. Gazli ichimliklar oʻrniga esa suv yoki tabiiy sharbat isteʼmol qilinsa maqsadga muvofiq boʻladi, - deydi diyetolog Sadoqat Muhammadjonova. – Shirin gazli ichimliklar – shakarning asosiy manbalaridan biri. Ularni muntazam ichish semizlik va diabet xavfini oshiradi. Oddiy ichimlik suvini tanlash organizmni chanqoqdan xalos qiladi, terini tozalaydi va metabolizmni yaxshilaydi.
Zamon tezkor. Baʼzan ovqatlanishga ham yetarlicha vaqt ajratmaydiganlar bor. Yarim tayyor taomlar kundalik yegulikka aylangan kishilar keyinchalik sogʻligʻidan eng koʻp noliydigan toifadagi odamlar hisoblanadi.
— Oldinlari ovqat turi ham kam edi, lekin barakali boʻlardi. Hozir hamma narsa bor, lekin foydasi kamaygan. Nabiralarim shirinlikni juda yaxshi koʻradi. Ularning quvonchi uchun baʼzida doʻkon peshtaxtalarida terilib turgan xilma-xil shirinliklarni sotib olaman. Lekin oxirgi vaqtlarda bu mahsulotlarga boʻlgan hafsalam soʻndi. Nabiralarim xarxasha qilsa ham tabiiy, foydali mahsulotlarni xarid qilayapman. Qadoqlangan “sok”lar oʻrniga quritilgan mevalarni qaynatib ichiraman. Asal, yongʻoq, va mayizni aralashtirib, shirinlik tayyorlab beraman, - deydi Nasiba aya Mirzayeva.
— Taʼlim olish bilan birga ishlayman
ham. Ayrim vaqtlarda issiq ovqat yeyishga vaqtim boʻlmaydi. Shunday paytlarda fastfud va energetik ichimliklarni isteʼmol qilaman, - deydi JDPU talabasi Jasur Berdiqulov. - Baʼzida oshqozonimda ogʻriq paydo qiladi. Oʻtib ketadi, deb uncha eʼtibor bermasdim. Yaqinda bir oʻrtogʻim
notoʻgʻri ovqatlanishi, surunkali gazli va energetik ichimliklar isteʼmol qilishi oqibatida kasalxonaga tushib qoldi. Kursdoshimning operatsiya amaliyotidan keyin ahvoli yaxshilandi va toʻliq sogʻlom ovqatlanishga oʻtdi. Bu narsa meni zararli oziq-ovqatlarning isteʼmolida ancha hushyor torttirdi.
Sogʻlom ovqatlanishga oʻtish nafaqat kasalliklarning oldini olish, balki energiya, kayfiyat va hayot sifatini yaxshilanishiga ham xizmat qiladi. Nega zararli ovqatlarga shu darajada oʻrganib qoldik? Ochigʻini aytish kerak, bu yerda marketingning ham roli katta. Chips, gazli ichimliklar, shirinliklar — reklama roliklarida nafaqat mahsulot, balki “kayfiyat”, “huzur”, “dam olish” motivi sifatida taqdim etiladi. Inson esa bu hissiyotga ishonadi. Shuning uchun film koʻrayotganda mevalar yoki
sabzavotli salat emas, aynan chips yeymiz. Chunki bu “odat” ongosti miyamizga singdirilgan. Bugungi hayot tarzi “ofis — mashina —uy” shakliga oʻtgan. Bu esa harakatsizlikni oshirib, sarflanadigan kaloriyani kamaytiradi. Natijada ortiqcha kaloriyalar yogʻ sifatida toʻplanadi. Yurtimizda jismoniy faollikni oshirish va sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etishga qaratilgan “10 ming qadam” loyihasi yangilangan shaklda qayta yoʻlga qoʻyilganligi bejiz emas. Mazkur tashabbus aholi salomatligiga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilayotganligining yorqin isbotidir.
Dunyo tajribasiga nazar solsak, koʻplab davlatlarda shakarli mahsulotlarni isteʼmol qilishni xavfli odat sifatida qabul qilishadi. Hatto maktablar atrofida shirinliklar sotish taqiqlangan. Masalan, Chili, Meksika, Peruda shakarli, tuzli, kaloriyasi yuqori mahsulotlar
maxsus qora tamgʻalar bilan sotilishi qatʼiy belgilangan. Bolalarga qaratilgan reklama taqiqlangan. Maktab darsliklarida ushbu belgilar
alohida oʻrgatiladi. Natijada bolalarda “Men buni yemasligim kerak” degan fikr shakllanadi. Natijada bu turdagi mahsulotlar sotuvi kamayishi ortidan brendlar oʻz mahsulotini qora belgi boʻlmasligi uchun sogʻlomroq
qilib qayta ishlab chiqishga majbur boʻladi. Bizda bu borada qanday
ishlar amalga oshirilayapti?
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 noyabrdagi “Aholining sogʻlom ovqatlanishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarorida 2025 yil 1 yanvardan boshlab oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsiz yoki zararli ekanligini koʻrsatuvchi belgilar bilan tamgʻalanishi majburiy belgilangan. Toʻgʻri ovqatlanish umrni abadiy qilmaydi. Bu rost. Lekin u kasallik bilan oʻtadigan yillarni kamaytirishi mumkin. Bugungi zamon shiddatida har kim ham tabiiy oziqovqat izlab yurishga yoki har kuni toʻliq sogʻlom ovqatlanish tartibini tuzishga ulgura olmaydi. Ammo bu sogʻligimizga befarq boʻlishimiz kerak, degani emas. Chunki inson organizmi vaqt oʻtishi bilan oʻz “qarz”ini qaytarib olishi, bor gap. Bugun arzon, tez va qulay deb tanlangan har bir sunʼiy mahsulot
ertaga kasallik, dori va shifoxona xarajatlari koʻrinishida oʻz bahosini talab qiladi.
Salomatligimiz uchun oʻzimiz javobgar ekanmiz, demak hammasi oʻz qoʻlimizda.
Choʻlponoy AHMEDOVA,
jurnalist



