
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida oʻtkazilgan tezkor tadbirda sakkiz nafar yirik narkodiler qoʻlga olindi. Ulardan umumiy 219 kilogramm miqdorda kuchli taʼsir qiluvchi moddalar musodara qilindi.
Aniqlanishicha, Telegram ijtimoiy tarmogʻida 2023 yildan beri giyohvandlik vositalari noqonuniy muomalasi bilan shugʻullanib kelgan Jaloliddin Muriddinov hibsga olingan. Uning ijaradagi xonadoni narkoomborga aylantirilib, u yerdan 200 kg dan ortiq pregabalin va 10 kg dan ortiq tropikamid kuchli taʼsir qiluvchi dorilar topilgan. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, Muriddinov yiliga 800 kg gacha kuchli taʼsir qiluvchi dorilarni tarqatgan va yashirin narkolaboratoriyalarni prekursorlar bilan taʼminlagan.
Muriddinov rahbarligidagi jinoyat guruhining omborchisi 1996 yilda tugʻilgan Islomov Shahzod Shavkat oʻgʻlining xonadoni va avtomashinasidan narcolaboratoriya jihozlari, 6 kg pregabalin va 100 gr tropikamid topilgan. Shuningdek, guruh aʼzosi 1994 yilda tugʻilgan Qurbonov Asror Osim oʻgʻli ham katta miqdorda kuchli taʼsir qiluvchi dorilarni saqlab kelgan.
Moyda daromad evaziga "zakladchi" sifatida ishlagan Abdurasulov Ziyodulla, Gʻiyosov Sirojiddin va Murodov Sadridin ismli shaxslar 2000 dan ortiq psixotrop dori vositalarini joylarga tarqatayotgan vaqtda qoʻlga olindi.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat guruhining aʼzolariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoqqa olish chorasi qoʻllanildi.



