
Atoqli oʻzbek yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov Ikkinchi jahon urushi haqida koʻp va xoʻb yozgan ijodkorlarimizdan biri. Urushlar, mahorabalar haqida soʻz ketsa, uning: “Insoniyat tarixi bu — urushlar tarixidir”, degan satrlari yodimga tushadi.
Darhaqiqat, insoniyat tamadduni yaralibdiki, dunyoning u yoki bu burchida albatta urush olovi yonib turgan. Shveysariyalik Jan-Jak Babel miloddan avvalgi 3500 yildan boshlab butun tarixda boʻlib oʻtgan urushlarni hisoblab chiqdi va shu davr davomida insoniyat atigi 292 yil tinch-totuv yashab kelganini aniqladi.
Lekin bu raqam ham nisbiy, chunki solnomalarga kiritilmagan, koʻpchilik hatto bexabar boʻlgan qanchadan-qancha urushlarni koʻrmagan deysiz, bu koʻhna zamin. Bu urushlarda halok boʻlganlar sonini esa hech kim aniq bilmasa kerak.
Urush — qahramonlik maydoni emas, xunrezlik, onalar va bolalar koʻz yoshi, vayronagarchilik, hozirgi mavjud qurollar ishga solinsa, eng katta ekologik ofat hamdir. Aynan shuning uchun oʻtgan urushlar tarixini oʻrganar ekanmiz, tinch-totuv yashash uchun butun insoniyat yakdil boʻlib kurashishi kerakligini anglab yetamiz.
RAQAMLARDA AKS ETGAN DAHSHAT
Rasmiy manbalarda qayd etilishicha, hozirgacha Yer yuzida jami 15 mingdan ortiq urush boʻlgan. Shundan 5700 tasi katta urushlar edi, qabilalararo etnik urushlar bunga kirmaydi. Ular soni XVI asrda 106 ta, XVII asrda 231 ta, XVIII asrda 703 ta boʻlsa, XIX asrda 730 taga yetgan. Oʻtgan asrda esa Ikkinchi jahon urushigacha 882 ta, undan keyin esa 300 dan ortiq urush boʻlgani aytilmoqda.
Urushlar oqibatida XVII asrda 3,3 million, XVIII asrda 5,4 million, XIX asrda 5,7 million kishi halok boʻldi. Oʻtgan asrdagi Birinchi jahon urushida 10 million, Ikkinchi jahon urushida 52 million kishi qurbon boʻldi.
Mutaxassislar hisobicha, Yuliy Sezar davridagi urushlarda bitta odamni halok qilishga 1 dollar, Napoleon Bonapart davrida 1000 dollar, Birinchi jahon urushida 21 000, Ikkinchi jahon urushida 200 ming dollar miqdorida mablagʻ sarflangan.
Taniqli iqtisodchilardan birining taʼkidlashicha, AQSh boshliq harbiy koalitsiya Iroqdagi urushga 5 trillion dollardan ortiq mablagʻ sarflagan. Hozir sayyoramizda toʻplangan eng oʻtkir zahar — sianid quroli bilan 750 milliard kishining yostigʻini quritish mumkin.
Shveysariyalik olimlar hisob-kitobiga qaraganda, insoniyatning oxirgi besh yuz yillik tarixida yuz bergan 14 000 urushda qariyb 6,5 milliard odam halok boʻlgan.
XX asr “eng qonli” yuzyillik boʻldi, shu asrdagi urushlarda jami 70 million kishining yostigʻi quridi.
Oxirgi oʻn yil mobaynida kechgan urushlarda 1,5 million bola halok boʻldi.
Ikkinchi jahon urushi mobaynida Oʻzbekistonga urush joylaridan 250 ming bola koʻchirilgan.
Bugungi kunda bir daqiqada dunyoda 25–30 ta bola ochlikdan oʻlayotgan yoki kasallikdan vafot etayotgan bir paytda, ana shu bir daqiqa ichida 3,7 million dollar mablagʻ harbiy maqsadlarga sarflanmoqda.
Ikkinchi jahon urushining “qiyofasi” bunday: urush 6 yil davom etdi, unda 60 dan ortiq mamlakat ishtirok etdi, urushgan davlatlar aholisi soni 1,7 milliard kishidan koʻproq edi, 22 million kvadrat metr maydonda harbiy harakatlar kechdi, 110 million kishi qurolli kuchlar safiga jalb qilindi, 50 million kishi halok boʻldi, 90 million kishi yarador yo mayib boʻldi, moddiy talafotlar hajmi 4 trillion dollarni tashkil etdi.
KIM YuRTGA QILICh BILAN KELSA...
Ikkinchi jahon urushi haqida hamma narsa aytilgan, hamma narsa maʼlumdek. Biroq soʻnggi yillarda xalqimizning buyuk gʻalabaga qoʻshgan munosib hissasi bilan bogʻliq muqaddas xotirani saqlab qolish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi.
Masalan, 2020 yilgacha urush boshlangan paytda yurtimiz aholisi 6 million 551 ming kishini tashkil etgan va ularning 1 million 500 mingga yaqini urushda qatnashgan, deb hisoblanar edi. Ammo jahon arxivlari oʻrganilib, yangi topilgan maʼlumotlar tahlil qilinganda esa Oʻzbekistondan 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilgani aniqlandi. Demak, har uch nafar oʻzbekistonlikdan bittasi qoʻliga qurol olib, fashizmga qarshi jang qilgan. Demak, 451 ming nafar yurtdoshlarimizning nomlari va taqdiri shuncha yillar davomida eʼtibordan chetda qolib kelgan.
Bundan tashqari, ilgari 396 ming nafar Oʻzbekiston fuqarosi urushda halok boʻlgan, deb aytilardi. Aslida bu raqam 538 mingdan ziyod boʻlgan, 158 mingdan koʻprogʻi bedarak yoʻqolgan.
Olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida orden va medallar bilan mukofotlangan Oʻzbekiston vakillari soniga ham oydinlik kiritildi. Ilgari bu koʻrsatkich 120 ming nafar, deb qayd etilar edi. Yangi maʼlumotlarga asosan, Ikkinchi jahon urushida 200 mingdan ziyod askar va ofitserlarimiz jangovar davlat mukofotlari bilan taqdirlangani aniqlandi.
Ikkinchi jahon urushida bevosita jangovar harakatlarda ayollar ham qatnashgan. Davlat mudofaa qoʻmitasi urushning ilk kunlaridan boshlab ayollarni ham urushga yuborish borasida bir qator qarorlar qabul qilgan. Garchi avvaliga frontga borish ixtiyoriy boʻlgan boʻlsada, 1942 yil bahoridan boshlab harakatdagi qoʻshin safiga ayollarni ommaviy ravishda safarbar etish boʻyicha bir toʻxtamga kelingani maʼlum.
Oʻzbekistondan 4 ming 555 nafar ayol urushda qatnashgan, ularning orasida aloqachi, uchuvchi, mergan, zenitchi, tibbiy xodim va razvedkachilar bor edi.
Oʻzbekistonliklar fashizm ustidan qozonilgan buyuk gʻalabaga munosib hissa qoʻshdilar. Bu haqda soʻz yuritar ekanmiz, oʻzbek generali Sobir Rahimovning: “Kim bizga qilich koʻtarib kelsa, oʻzi shu qilichdan halok boʻladi”, degan soʻzlari yodga tushadi.
GʻALABANING BOSh MEʼMORI XALQIMIZDIR
Jangohlarda jon olib, jon berayotgan askar va zobitlar eng zamonaviy qurol-yarogʻ, harbiy texnika, oʻq-dori, oziq-ovqat, kiyim-bosh bilan taʼminlangandagina urushda gʻalaba qozonish mumkin edi.
Shu sabab urushning boshlangʻich davrining eng murakkab vazifalaridan biri iqtisodiyotni harbiy izga solish boʻlgan. Bu vazifani urush boshlanib ketgan oʻta ogʻir vaziyatda hal qilish kerak edi.
Shu bois Oʻzbekiston urush maydonlariga zaruriy harbiy va boshqa anjomlarni, mahsulotlarni yetkazib beradigan muhim tayanch markazlaridan biriga aylandi. Ishlab chiqarish korxonalari harbiy maqsadlarda qayta tashkil etildi.
Jumladan, koʻp millatli xalqimiz fidokorona mehnati bilan oʻsha vaqtdagi 300 ga yaqin ishlab chiqarish korxonalarida harbiy mahsulotlar ishlab chiqarildi.
Oʻzbekiston front ortida ham ulkan jasorat namunasini koʻrsatdi. Urush tufayli yurtimizga evakuatsiya qilingan qariyb 1,5 million kishini bagʻriga oldi. Ularning 250 mingdan ziyodi bolalar edi. Koʻpgina oʻzbek oilalari ikkita va undan ortiq yetim bolalarni oʻz tarbiyalariga oldilar. Oxirgi burda nonini ham ular bilan baham koʻrdilar.
Bu kabi misollarni yana davom ettirish mumkin. Albatta, bu shunchaki statistik maʼlumotlar emas. Bu raqamlar mudhish urush oqibatlarini hech qachon unutmaslikka chaqiradi. Ayni chogʻda, bugungi tinch va goʻzal hayotning qadriga yetib, doimo hushyor va ogoh boʻlishga, yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga undaydi.
Muallif: Umar Bahromov



