Oʻzbekistonda sirtqi taʼlim shakli qonunchilikda saqlanib qolgan va muayyan ehtiyoj tugʻilganda ushbu yoʻnalishga qabul qayta tiklanishi mumkin.

Taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov sirtqi taʼlimning butunlay bekor qilinishi haqidagi gaplar haqiqatga toʻgʻri kelmasligini aytib, faqatgina hozirda ushbu taʼlim shakliga ehtiyoj va zarurat yuqori emasligini maʼlum qildi.
Shuningdek, asosan, ishlab chiqarish korxonalarida muayyan mutaxassislar yetishmaganda yoki aniq ehtiyoj paydo boʻlganda ochilishi mumkinligi, agar 4-5 yildan keyin shunday zarurat tugʻilsa, qabulni qayta tiklash imkoniyati borligini ham qoʻshimcha qildi.
Maʼlumot uchun, bugungi kunda sirtqi taʼlim oʻrnini masofaviy taʼlim egallab bormoqda. Ishlayotgan fuqarolar uchun ish joyidan ajralmagan holda bilim olish imkoniyati aynan masofaviy shakl orqali taʼminlanadi.



