Oʻzbekiston Ryespublikasi Prezidentining “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida ochiqlikni taʼminlash hamda boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni fuqarolarning qulay atrof-muhitga, uning holati toʻgʻrisidagi ishonchli axborotga ega boʻlish huquqini amalga oshirish uchun maqbul sharoit va mexanizmlar yaratish hamda respublikada chiqindilarni boshqarish tizimini isloh qilish, chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, sohadagi xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish borasida muhim qadam boʻldi.

Farmonga koʻra, 2026 yil 1 yanvardan boshlab hududlarda chiqindilar bilan ishlash darajasini oshirish hamda bu borada ochiqlikni taʼminlash, jamoatchilikning rolini yuksaltirish, tadbirkorlar va aholi oʻrtasida qayta aloqani toʻliq yoʻlga qoʻyishni nazarda tutuvchi qator takliflar yoʻlga qoʻyildi.
Jumladan,
- chiqindilar bilan bogʻliq xizmatlarni tadbirkorlarga berish yuzasidan oʻtkaziladigan tender jarayonini onlayn kuzatish imkoniyatini yaratish;
- sanitar tozalash korxonalari tomonidan chiqindi toʻplash shoxobchalariga videokuzatuv kameralarini oʻrnatish va shoxobchalar faoliyatini aholi tomonidan kuzatish imkoniyatini yaratish;
- chiqindilarni tashish bilan shugʻullanuvchi barcha maxsus texnikalarga sanitar tozalash korxonalari mablagʻlari hisobidan onlayn kuzatuv (GPS) tizimini oʻrnatish hamda mazkur texnikalarni kuzatish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar uchun oylik toʻlovlarni markazlashgan holda amalga oshirish va bu orqali chiqindilarning belgilangan grafik va muddatlarga muvofiq olib chiqib ketilishini kuzatish imkoniyatini yaratish;
- sanitar tozalash korxonalari toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot berish, koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati va koʻlami boʻyicha shikoyatlarni qabul qilish hamda sanitar tozalash korxonalari bilan qayta aloqa qilish uchun “Call markaz” faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
- sanitar tozalash korxonalari xizmat koʻrsatuvchi hududlarning geografik chegarasi hamda aholi va yuridik shaxslarga biriktirilgan chiqindilarni yigʻish maydonchalari (konteyner) joylashuvi toʻgʻrisida aniq maʼlumotlar berish;
- abonentlarning hosil boʻlgan chiqindilarini olib chiqib ketish grafigini koʻrsatish.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlari yuzasidan buyurtmachi vazifasini bajarishi belgilandi. Shuningdek, hokimliklarga qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlari boʻyicha hududlarni sanitar tozalash korxonalariga belgilangan tartibda biriktirib berish, obodonlashtirish obʼektlarida hosil boʻladigan chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish boʻyicha faoliyatni tashkil etish, qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun sharoit yaratib berish, oʻz vakolatlari doirasida chiqindilar bilan bogʻliq ishlar sohasida davlat-xususiy sheriklik boʻyicha faoliyatni amalga oshirish, qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlar amalga oshiriladigan obʼektlarni (chiqindilarni yigʻish shoxobchalarini) tegishli hududga joylashtirish masalalarini hal etish (xavfli chiqindilar bundan mustasno) vakolatlari berildi. Bundan tashqari, qattiq maishiy chiqindi bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirishga oid mahalliy dasturlarni tasdiqlaydi hamda hududni sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish ham hokimliklar zimmasiga yuklatildi.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari esa qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi davlat dasturlari, hududiy va boshqa dasturlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishida, qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlar amalga oshiriladigan obʼektlarni tegishli hududda joylashtirish va ulardan foydalanish masalalarini hal qilishda ishtirok etadi hamda qattiq maishiy va qurilish chiqindilari bilan bogʻliq ishlar yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.
Ushbu farmon ekologik sohada davlat boshqaruvini zamonaviy talablar asosida isloh qilishga qaratilgan muhim hujjat hisoblanadi. U orqali atrof-muhitni muhofaza qilishda ochiqlik, shaffoflik va jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish asosiy ustuvor vazifa sifatida belgilanadi.
Shuningdek, ekologik maʼlumotlarni aholiga yetkazish, raqamli texnologiyalarni joriy etish va nazorat tizimini takomillashtirish orqali sohada samaradorlikni oshirish koʻzda tutiladi.
Farmonning amalga oshirilishi natijasida ekologik muammolarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish imkoniyati kengayadi; davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati kuchayadi; tabiiy resurslardan oqilona foydalanish taʼminlanadi va aholining ekologik madaniyati va masʼuliyati oshadi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur farmon mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni mustahkamlash, barqaror rivojlanishni taʼminlash va kelajak avlod uchun sogʻlom atrof-muhitni saqlab qolishga xizmat qiladi.
Odil EGAMBERDIYEV, Fuqarolik ishlari boʻyicha Zarbdor tumanlararo sudi raisi
Alisher PULATOV, Fuqarolik ishlari boʻyicha Zarbdor tumanlararo sudi sudyasi



