
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki maʼlumotiga koʻra, joriy yilning 22 aprelidan boshlab masofaviy moliyaviy xizmatlar koʻrsatishda yangi xavfsizlik tartibi kuchga kiradi. Ushbu tartibga muvofiq, bank ilovalarida yangi roʻyxatdan oʻtayotgan mijozlarning telefon raqami, JSHShIR (PINFL) va bank kartasi egasining shaxsi oʻzaro mosligi tekshiriladi.
Asosiy qoidalar va istisnolar:
- Agar telefon raqami va bank kartasi bir shaxs nomida boʻlsa, ilovadan foydalanishda hech qanday cheklovlar boʻlmaydi.
- Telefon raqami yaqin qarindoshlar nomiga rasmiylashtirilgan boʻlsa, ushbu holat cheklovlarga sabab boʻlmaydi. Yaqin qarindoshlarning kartalaridan masofaviy foydalanish imkoniyati saqlab qolinadi.
- Cheklovlar faqat telefon raqami yoki bank kartasi foydalanuvchiga aloqasi boʻlmagan uchinchi (begona) shaxs nomida boʻlgan holatlarda qoʻllaniladi.
- Yangi tartib asosan 22 apreldan keyin ilovalarda yangi roʻyxatdan oʻtadigan foydalanuvchilarga taalluqlidir. Avvaldan roʻyxatdan oʻtgan va tizimdan foydalanib kelayotgan mijozlar uchun amaldagi tartib oʻzgarishsiz qoladi.



