
Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida togʻ hududida yoʻqolib qolgan bola qutqaruvchilar tomonidan sogʻ-salomat holda topildi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi maʼlumotiga koʻra, hodisa 13 aprel kuni sodir boʻlgan. 6 kishidan iborat oila dam olish maqsadida toqqa yoʻl olgan. Ular taxminan soat 17:00 atrofida togʻ choʻqqisidagi qorlarni koʻrish uchun yuqoriga koʻtarilgan, aynan shu jarayonda kattalar bolani togʻda unutib qoldirib, pastga tushib ketgan. Bolaning yoʻqligi oradan qariyb 40 daqiqa oʻtgach aniqlangan.
Bolaning yaqinlari zudlik bilan FVV navbatchilik qismiga murojaat qilgan. Qidiruv ishlariga Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qidiruv-qutqaruv guruhlari hamda “Qamchiq” maxsus qutqaruv boshqarmasi xodimlari jalb etilgan.
6,5 soatdan ortiq davom etan qidiruv 14 aprel kuni soat 00:20 da bola Olmaliq maxsus qidiruv-qutqaruv otryadi qutqaruvchilari tomonidan topilgandan soʻng yakunlangan.
Bola tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, yaqinlariga topshirilgan. Hozirda uning ahvoli yaxshi ekani maʼlum qilindi.



