
Davlatimiz rahbari “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Qarorni imzoladi.
Hujjatga koʻra, hududlarda “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan maʼnaviy-maʼrifiy kechalar, tantanalar tashkil etiladi.
Shuningdek,
- joriy yilning aprel – sentabr oylari davomida respublika boʻylab keng koʻlamdagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar va ijtimoiy loyihalarni oʻz ichiga olgan “Mustaqillik toʻyi” (festivali) tadbirlarini oʻtkazish;
- Aprel oyidan boshlab “35 yillik Istiqlol yilnomasi” ruknida mustaqilligimizning tarixiy bosqichlari, erishilgan yutuqlar va bunyodkorlik ishlarini yorituvchi turkum hujjatli filmlar, koʻrsatuvlar tayyorlash va telekanallarda namoyish etish;
- 1 mayga qadar yangi tashkil etilgan mahallalardan hamda temir yoʻl stansiyalaridan biriga “Mustaqillikning 35 yilligi” nomini berish;
- Avgust–sentabr oylarida xorijdagi vatandoshlar va oʻzbek diasporasi vakillari ishtirokida “Mustaqil Oʻzbekiston – gʻururim, iftixorim” shiori ostida madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etish;
- 2026 yil 1 sentabrga qadar “Mustaqillikning 35 yilligi” esdalik oltin tangasini zarb etish;
- Badiiy akademiya, Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi 2026 yil 1 iyunga qadar milliy mustaqillik va suverenitet gʻoyalarini, Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari qiyofasini oʻzida aks ettirgan “Vatan fidoyilari” ramziy monumentining eskiz loyihasini ishlab chiqilishi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, tuman va shaharlarda 2026–2030 yillarda barpo etilayotgan umummilliy birdamlik bogʻlarining markaziy qismida oʻrnatish;
- 2026 yil 1 avgustga qadar har bir sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning natijalari va erishilgan yutuqlarga bagʻishlangan “Mustaqillik zafarnomasi” maxsus kitob-albomi tayyorlanishi belgilandi.



