
Qashqadaryo viloyati delegatsiyasining Belarusga tashrifi doirasida oʻzaro manfaatli bir qator iqtisodiy va madaniy kelishuvlarga erishildi.
Kelishuvga koʻra, Belarusning Vitebsk viloyatida 4 ming gektar ekin maydoni uzoq muddatli ijaraga olinadi. Ushbu maydon negizida yirik chorvachilik loyihasi yoʻlga qoʻyilib, uning birinchi bosqichida 1000 bosh qoramol yetishtirilishi rejalashtirilgan.
Oʻzbekistonning “Asl Yuksalish Savdo” korxonasi va Belarusning “Dobronom” savdo tarmogʻi oʻrtasida yillik 60 ming tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha shartnoma imzolandi. Belarus bozoriga asosan quruq mevalar, dukkakli ekinlar, poliz mahsulotlari va uzum yetkazib beriladi.
Iqtisodiy aloqalar bilan bir qatorda, tomonlar turizm va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar. Xususan, ikki mamlakat turizm sohasi vakillari uchun tanishuv safarlarini tashkil etish hamda Minsk shahrida Qashqadaryo viloyati teatri jamoasining spektakllarini namoyish etish koʻzda tutilgan.



