
Hukumatning 2026 yil 17 apreldagi 180-son qarori bilan “Turar joy xonadonlarini maishiy gaz ballonlari bilan taʼminlashda davlat xizmatini koʻrsatish”ning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi (https://t.me/huquqiyaxborot/19716).
Reglamentga koʻra, davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP (my.gov.uz) orqali vakolatli operator tomonidan koʻrsatiladi.
✅ Maishiy gaz balloni tabiiy gaz bilan gazlashtirilmagan hududlarda yashovchi jismoniy shaxslarga beriladi.
Vakolatli operator ariza kelib tushgan kuni maʼlumotlarni “E-gaz” dasturida shakllantirib, 1 ish kunida soʻrovnomada koʻrsatilgan maʼlumotlarni tekshiradi.
3 ish kunida ariza beruvchini maishiy gaz balloni bilan taʼminlash masalasi joyiga chiqib oʻrganish natijalari asosida dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Xulosa ijobiy boʻlgan taqdirda, ariza beruvchi bilan “Maishiy gaz ballonini vaqtincha foydalanishga berish toʻgʻrisida” va “Suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish toʻgʻrisida”gi shartnomalar rasmiylashtiriladi.
⌛️ Shartnomalar asosida ariza beruvchi “Face ID” tizimi orqali suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish uchun tegishli hisobvaraq bilan taʼminlanadi hamda unga 1 dona maishiy gaz balloni 12 ish kunida bepul yetkazib beriladi.



