
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida tezkor tadbirlar oʻtkazildi.
Jumladan, Navoiy shahrida faoliyat yurituvchi sayyohlik firmasi rahbari 2006 y.t. fuqaroning ishonchiga kirib, uni Bolgariya davlatiga ishga yuborish evaziga 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Kitob tumanida ham shu kabi holat fosh etildi. Xususan, Toshkent viloyatida yashovchi, 1997 y.t. shaxs 2 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni Isroil davlatiga ishlash uchun yuborish va ishchi vizasini oʻzining tanishlari orqali tayyorlatib berish evaziga 20 ming AQSh dollari talab qilgan.
Mazkur shaxs Qashqadaryo viloyatiga borib, soʻralgan puldan 5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.



