
Mamlakatimizda olib borilayotgan oʻzgarish va yangilanishlarning bosh mezoni “Inson qadri uchun” tamoyilini roʻyobga chiqarishga asoslangan boʻlib, mazkur tamoyilga muvofiq, fuqarolarning, jumladan xotin-qizlarimizning hayot sifatini oshirishga, ijtimoiy adolatni taʼminlashga, taʼlim, tibbiyot, bandlik va tadbirkorlik sohalarida keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
95 927 nafar ayollar istiqomat qilayotgan Jizzax shahrida xotin-qizlarimizni qoʻllab-quvvatlash masalasi olib borilayotgan islohotlarning eng ustuvor yoʻnalishiga aylanib ulgurgan. Shahrimizda xotin-qizlar bilan ishlash holati haqida bilish uchun shahar hokimining oʻrinbosari, shahar oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi Halima Negmatovani suhbatga tortdik.
— Jizzax shahrida oʻtgan 2025 yilda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bilan qanday ishlar olib borildi?
— Oʻtgan yili “Ayollar daftari”ga shaharda istiqomat qiluvchi 6379 nafar turli toifadagi muammolari mavjud xotin-qizlar kiritilib, ularga tegishli yordamlar koʻrsatildi. Jumladan, 168 nafar xotin-qizlar doimiy ishlarga joylashtirildi, 1119 nafar ayollar kasb-hunarga oʻqitildi, 2113 nafari oʻzini-oʻzi band qilishlari uchun keng imkoniyatlar yaratildi.
Tadbirkorlik qilish istagida boʻlgan 123 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarga imtiyozli kreditlar, subsidiyalar ajratish hamda tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashildi. Shuningdek, boquvchisi boʻlmagan 1428 nafar, ijtimoiy yordamga muhtoj 1 va 2-guruh nogironligi boʻlgan 981 nafar, qaramogʻida nogiron farzandi bor, ehtiyojmand 379 nafar xotin-qizlarga bir martalik moddiy yordam ajratildi. 68 nafar uy-joyga muhtoj xotin-qizlarga ijara kompensatsiyalari toʻlab berildi.
Faqat shu emas. 37 nafar xotin-qizlarga salomatligini tiklashi uchun tibbiy yordam va jarrohlik amaliyotlari uchun ham 236 mln soʻm miqdorida moddiy yordam ajratildi. 206 nafar xotin-qizlarimizga huquqiy, 3181 nafar psixologik yordamlar koʻrsatildi.
2025 yil davomida kasb-hunarga va tadbirkorlikka oʻqitilgan 2901 nafar xotin-qizlarning bandligini taʼminlash ishlari davom etmoqda. 272 nafar ehtiyojmand xotin-qizlar hududlardagi lider tadbirkor ayollarga biriktirildi.
Mazkur ishlar joriy yilda ham bardavomlik kasb etadi. 2026 yilda 1145 nafar xotin-qizlarimizni bandligini taʼminlash, 2503 nafar ayollarimizni kasb-hunarga va tadbirkorlikka oʻqitish rejalashtirilgan. Shahardagi 2 ta mahallada xotin-qizlar bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlarini tashkil etish masalasi ham nazarda tutilgan. Shuningdek, 1500 nafar xotin-qizlarning kredit olishiga koʻmaklashilib, tadbirkorlik loyihalari qoʻllab-quvvatlanadi. Ayni kunlarda mazkur maqsadlarga erishish uchun ishlar boshlab yuborilgan.
— Tan olish kerak: jamiyatimizda xotin-qizlar orasida qonunbuzarlik, jinoyatga qoʻl urish holatlari hamon uchrab turibdi. Buning sabablari nimada deb oʻylaysiz?
— Ayol kishi qachon jinoyatga qoʻl uradi? Sabri tugaganda... Hech bir ayol jinoyatchi degan tamgʻani koʻtarib yurishni, farzandlarining yuzini shuvut boʻlishini istamaydi. Biroq turli taqdirlarni koʻrib, aytish mumkinki, qiyinchiliklarni yengishga kuchi qolmay, bunga oxirgi chora sifatida qarab shu yoʻlni tutgan ayollar koʻpchilikni tashkil etadi.
2025 yil davomida shaharda xotin-qizlar tomonidan 35 ta jinoyatlar sodir etilgan. 2024 yilda bu koʻrsatkich 37 tani tashkil etganligini inobatga olsak, jinoyatlar ulushi 5,4 foizga kamaygan. Bu ham boʻlsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda ogʻir ijtimoiy ahvoldagi ayollar bilan manzilli ishlash, “Ayollar daftari” orqali muammolarni aniqlash, xotin-qizlarga huquqiy, psixologik maslahatlar berish, erta nikoh, maishiy zoʻravonlik va boshqa salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan amaliy ishlarning samarasi, nazarimda.
— Xotin-qizlar bilan bogʻliq yana bir ogʻriqli nuqta – ajrim jarayoni desak mubolagʻa boʻlmaydi.
— 2025 yil davomida Jizzax shahar FHDYo boʻlimida 1798 nafar yoshlarning nikohlari qayd etilgan. Shaʼriy nikoh asosida yashab kelayotgan 46 nafar fuqarolarning nikohlarini qonuniylashtirishga erishildi. Shahar hududida 2024-2025 yillar davomida erta nikohlar, erta tugʻruqlar qayd etilmadi.
Oʻtgan yili Jizzax shahrida 2024 yilga nisbatan 15 ta kam, yaʼni 301 ta ajrim holatlari qayd etildi. Kelgusida ushbu koʻrsatkichlarni yanada kamaytirish maqsadida Jizzax viloyati prokuraturasi bilan hamkorlikda “Oila maktabi” faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Jizzax shahar "Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazi"da 1561 nafar yoshlar oʻqitildi.
2025 yilning sentabr oyida Jizzax shahrining "Kimyogar" mahalla fuqarolar yigʻinida “Qadriyatlar maskani” oʻz faoliyatini boshladi. Ushbu maskan faoliyatida ham oila institutini mustahkamlash, oilada oʻzaro hurmat, ishonch va birdamlik muhitini yaratish, ajrimlarning oldini olishga eʼtibor qaratiladi. Bugunga qadar nikohdan oʻtish uchun ariza bergan 1979 nafar yoshlardan 1149 nafariga psixologik, huquqiy va ijtimoiy maslahatlar berilib, sogʻlom munosabatlar usullari oʻrgatildi. Yosh nikohlanuvchilarning ota-onalari ham mashgʻulotlar va suhbatlarga jalb etildi.
Jamiyatning maʼnaviy yuksalishi va barqarorligini oilaning mustahkamligi taʼminlaydi. Oila mustahkamligida esa ayolning oʻrni beqiyos. Ayol nafaqat turmush oʻrtoq, kelin balki yosh avlodni sogʻlom fikrli, Vatanga sadoqatli insonlar qilib tarbiyalaydigan ONA hamdir. Shunday ekan, xotin-qizlarimizning huquq va erkinliklarini himoya qilish, munosib turmush sharoitini yaratish har qachongidanda dolzarbligini unutmaslik darkor.
— Garchi 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami oldidan suhbatlashayotgan boʻlsakda, nazarimda juda jiddiy muammoli masalalarga toʻxtalib oʻtdik.
— Toʻgʻri aytasiz. Biroq, aynan shu muammolarni bartaraf etsakkina jamiyatimizda ayollarimizning mavqeini yanada mustahkamlashga erishamiz. Ularga baxtli, saodatli, farovon turmush kechirishlari uchun shart-sharoit yaratib berish esa barchamizning burchimiz.
Gavhar SAYDULLAYEVA,
“Jizzax ovozi”



