
Ijro ishini yopib berish evaziga pul talab qilgan.
Bosh prokuratura hamda Majburiy ijro byurosi Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi tomonidan DXX bilan hamkorlikda tezkor-tekshiruv oʻtkazildi.
2026 yil 18 mart kuni fuqaro A.S. ariza bilan murojaat qilib, Byuroning Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani boʻlimi davlat ijrochisi Sh.V. unga nisbatan yuritilayotgan ijro ishini tamomlab berish evaziga 20 mln soʻm pul talab qilayotganini maʼlum qilgan.
Fuqarolik ishlari boʻyicha Guliston tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan, qarzdor A.S.dan undiruvchi Sh.B. foydasiga 30 mln soʻm miqdorida moddiy va maʼnaviy zarar undirish belgilangan.
2025 yil 20 noyabr kuni mazkur ijro ishi Byuroning Mirzaobod tumani boʻlimi davlat ijrochisi B.D.ning ish yurituviga olingan.
2026 yil 18 mart kuni oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida davlat ijrochilari B.D. va Sh.V. fuqaro A.S.dan 20 mln soʻm pul mablagʻini olib, shundan 14 mln soʻmini undiruvchi Sh.B.ga berish va qolgan 6 mln soʻmini oʻzaro taqsimlab olish jarayonida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ikki nafar gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlandi.



