
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Prokuratura organlari va Sudyalar oliy kengashi bilan birgalikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Sirdaryo viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati sudyasi va “Agrobank” ATB Guliston filiali mansabdor xodimining noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi. (https://t.me/xavfsizlik_uz/2059)
Aniqlanishicha, sudya oʻz ish yurituvida boʻlgan – mahalliy tadbirkor tomonidan Guliston shahrida qurilgan koʻp qavatli bino boʻyicha kassatsiya tartibida koʻrilayotgan daʼvo ishi qonunan uning foydasiga hal boʻlishini bilgani holda, oʻzining yaqin tanishi boʻlgan “Agrobank” mansabdori bilan til biriktirib, undan 7500 AQSh dollari talab qilishgan.
Tezkor tadbirda bank mansabdori talab qilingan pul mablagʻidan 5500 AQSh dollarini olib, sud tomonidan tadbirkor foydasiga ijobiy hal qiluv qarori eʼlon qilinganidan soʻng, sudyaga 3600 AQSh dollarini bergan vaqtida qoʻlga olindi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.



