
Shuningdek, kamida beshta “yashil bogʻ” yoki jamoat parki barpo etgan shaxslar “Kelajak bunyodkori” davlat mukofoti bilan taqdirlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasida “Yashil makon” umummilliy loyihasi samaradorligini oshirishga qaratilgan Prezident farmoni qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, 2028 yilgacha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida kamida 100 gektardan iborat yangi botanika va dendrologiya bogʻlari tashkil etiladi. 2030 yilgacha esa mamlakatdagi umumiy yashillik darajasini 14,2 foizdan 30 foizga yetkazish, aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan yashil hududlarni 9–10 kvadrat metrgacha kengaytirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, zararli PM2.5 va PM10 zarrachalari miqdorini 20–25 foizga kamaytirish hamda iqlimi ogʻir hududlarda havo haroratini oʻrtacha 1,5–2 darajaga pasaytirish asosiy vazifalar qatoriga kiritilgan.
Farmonga koʻra, dendrologiya bogʻlari maqomi botanika bogʻlariga tenglashtiriladi va ular muhofaza etiladigan tabiiy hudud sifatida eʼtirof etiladi. Ushbu bogʻlar uchun ajratiladigan yer maydonlari qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishidagi yoʻqotishlar uchun toʻlovlardan ozod qilinadi. Ularni xususiylashtirish, begonalashtirish yoki hududini qisqartirish qatʼiyan taqiqlanadi.
Bogʻlar Ekologiya qoʻmitasi tasarrufiga oʻtkazilib, ilmiy, oʻquv va tajriba bazasi sifatida foydalaniladi. Bundan tashqari, ular “Green University” va “yashil” texnikumlar uchun ham amaliy platforma vazifasini bajaradi.
2027 yildan boshlab har bir hududdan botanika va dendrologiya bogʻlariga “yashillik elchilari” biriktiriladi. Ular yashil hududlar holatini monitoring qilish, ekologik tadbirlarda ishtirok etish va moliyaviy resurslarni jalb qilish bilan shugʻullanadi.
Farmon bilan “Yashil bilet” tizimi ham joriy etilmoqda. Mazkur tizim orqali transport vositalari va mahsulotlar ishlab chiqarish jarayonidagi karbon izi hisoblab chiqiladi hamda fuqarolarga ekologik zararlarni kompensatsiya qilish imkoniyati yaratiladi. Ushbu mablagʻlar faqat daraxt ekish va parvarishlashga yoʻnaltiriladi.
Bundan tashqari, “Yashil makon” loyihasiga hissa qoʻshayotgan fuqarolar va tadbirkorlar ragʻbatlantiriladi.
Xususan:
— Kamida 100 tup daraxt ekkan shaxslarga “ekofaol fuqaro” maqomi;
— Kamida 1000 tup daraxt ekishni tashkil etgan tadbirkorlarga “Eko-hamkor” maqomi;
— 50 ming tupdan ortiq koʻchat ekishga hissa qoʻshganlarga “Metsenat” unvoni beriladi.
Shuningdek, kamida beshta “yashil bogʻ” yoki jamoat parki barpo etgan shaxslar “Kelajak bunyodkori” davlat mukofoti bilan taqdirlanadi.
Mazkur chora-tadbirlar mamlakatda yashil hududlarni kengaytirish, ekologik muvozanatni tiklash va atrof-muhitni muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.



