
Bugun, 27 mart kuni xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashining yettinchi chaqiriq oʻn toʻqqizinchi sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash va aholi turmush sharoitini oshirishga qaratilgan qator muhim masalalar muhokama qilindi.

Sessiyani Kengash raisi ochib berdi va kun tartibi tasdiqlandi. Dastlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qarori ijrosi muhokama qilinib, shahardagi uy-joy fondini yaxshilash, “yashil bogʻ”lar barpo etish, taʼmirlash ishlarini amalga oshirish boʻyicha manzilli dasturlar tasdiqlandi.

Shuningdek, shahar ichki yoʻllarini saqlash va taʼmirlash boʻyicha 2026 yilga moʻljallangan dastur maʼqullanib, sohada sifat va nazoratni kuchaytirish vazifalari belgilab olindi.
Sessiyada Davlat kadastrlari palatasi shahar filiali faoliyati ham koʻrib chiqilib, tizimda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, xizmatlarni raqamlashtirish va shaffoflikni taʼminlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar qoniqarli deb topildi.

Bundan tashqari, shahardagi nomsiz va takrorlangan koʻchalarga yangi nomlar berish, “Ochiq byudjet” portali orqali gʻolib boʻlgan tashabbuslarni moliyalashtirish, mahalliy byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanish kabi masalalar yuzasidan ham tegishli qarorlar qabul qilindi.
Sessiya yakunida barcha koʻrib chiqilgan masalalar boʻyicha qarorlar tasdiqlanib, ularning ijrosini taʼminlash boʻyicha masʼullarga aniq vazifalar yuklatildi.



