
ATTO orqali toʻlov amalga oshirilganda yoʻlkira 2100 soʻmni tashkil etadi.
Jizzax shahrida jamoat transportida yoʻlkira haqini toʻlashda naqd puldan voz kechib, toʻliq elektron toʻlov tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda mahalliy hokimlik qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, shaharda jamoat transporti xizmatlari sifatini oshirish, toʻlovlar shaffofligini taʼminlash va sohada raqamli texnologiyalarni keng joriy etish maqsad qilingan. Shuningdek, ushbu choralar orqali yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va elektron toʻlov tizimlaridan foydalanishni ragʻbatlantirish koʻzda tutilgan.
Maʼlum qilinishicha, amaldagi tariflarga muvofiq, Jizzax shahrida avtobuslarda yoʻlkira haqi bir yoʻlovchi uchun 3000 soʻm etib belgilangan. Elektron toʻlov tizimi — ATTO orqali toʻlov amalga oshirilganda esa ragʻbatlantiruvchi chegirma qoʻllanilib, yoʻlkira 2100 soʻmni tashkil etadi.
Qarorga asosan, 2026 yil 1 apreldan boshlab shahar avtobuslarida yoʻl haqini naqd pulda qabul qilish amaliyoti toʻliq bekor qilinadi. Yoʻlovchilardan toʻlovlar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.
Shu maqsadda, Jizzax shahrida avtobus bekatlariga oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatuvchi infokiosklar oʻrnatilishi rejalashtirilgan. Mazkur qurilmalar orqali yoʻlovchilar elektron chiptalarni xarid qilish imkoniyatiga ega boʻladi. Infokiosklar oʻrnatilishi lozim boʻlgan joylar roʻyxati tegishli idoralar tomonidan shakllantiriladi.



