
Bugun, 18 aprel Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasida sohada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan press-tur tashkil etildi.

Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillariga xodimlarning ijtimoiy himoyasi, ular uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar hamda “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasidagi ishlar haqida maʼlumot berildi.

Press-tur doirasida ishtirokchilar Sharof Rashidov tumani “Kuyovboshi” mahallasida joylashgan ichki ishlar organlari bogʻi hamda xodimlar uchun qurilgan namunaviy uylar bilan tanishdi. Ushbu hududda 22,6 gektar maydonda mevali va manzarali daraxtlar, uzumzorlar hamda qishloq xoʻjaligi ekinlari parvarish qilinmoqda.

Shuningdek, tadbir davomida soʻnggi yillarda xodimlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlar, jumladan, farzandlarni taʼlim va sogʻlomlashtirish, uy-joy bilan taʼminlash va moddiy yordam koʻrsatish boʻyicha amaliy natijalar haqida maʼlumotlar taqdim etildi.

Mazkur press-turning asosiy maqsadi — jamoatchilikni sohadagi islohotlar, ijtimoiy himoya choralari va ekologik loyihalar bilan yaqindan tanishtirishdan iborat.



