
17 yanvar kuni Pokistonning Karachi shahridagi “Gul Plaza” savdo markazida yirik yongʻin sodir boʻldi. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, hodisa oqibatida 5 kishi hayotdan koʻz yumgan, 18 kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
“Geo” telekanalining xabar berishicha, yongʻin markazning oraliq qavatidan boshlanib, pastki va birinchi qavatlarga tarqalgan. Oʻt oʻchirish xizmati xodimlari yongʻinning 60% ini nazorat ostiga olishga muvaffaq boʻlgan. Biroq, binodagi oʻta yuqori harorat tufayli qutqaruvchilarning ichkariga kirishi qiyinlashmoqda. Savdo markazi ichida yana boshqa fuqarolar qolib ketgan boʻlishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Yongʻin boshqarmasi rahbari bergan bayonotga koʻra, olovni bartaraf etish jarayonida gaz sizib chiqishi oqibatida portlash yuz bergan. Bu esa yongʻin koʻlamining kengayishiga va binoning bir qismi qulab tushishiga sabab boʻlgan. Hozirda yongʻin kelib chiqish sabablari oʻrganilmoqda.



