
Uchrashuv “texnik darajada” oʻtkazilishi maʼlum qilindi.
Rossiya, Ukraina va Qoʻshma Shtatlar vakillari oʻrtasida uch tomonlama uchrashuv oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda. Muzokaralar 23–24 yanvar kunlari Birlashgan Arab Amirliklarida boʻlib oʻtadi va “texnik darajada” tashkil etilishi maʼlum qilindi.
Mazkur uchrashuv Davos shahrida oʻtayotgan Jahon iqtisodiy forumi doirasida oʻtkazilgan bir qator muhim va keskin uchrashuvlardan soʻng rejalashtirilgan.
Vladimir Zelenskiy forum minbaridan nutq soʻzlab, Yevropa davlatlarini ichki kelishmovchiliklar sabab qatʼiy pozitsiya yoʻqligida tanqid qildi. U Yevropa hanuz oʻzini mustaqil global kuch sifatida namoyon eta olmayotganini qayd etdi.
Zelenskiy, shuningdek, Tramp ilgari surgan “Tinchlik Kengashi” tashabbusini tanqid qilib, Yevropa davlatlari mazkur masalada yagona yondashuvga ega emasligini bildirdi. Ukraina rahbari Rossiya neftini noqonuniy tashiyotgan “soya floti”ga qarshi keskin choralar koʻrishga va Eron masalasiga ham jiddiy eʼtibor qaratishga chaqirdi.
Muzokaralarning navbatdagi bosqichi sifatida BAAda boʻlib oʻtadigan uchrashuvda uch mamlakat delegatsiyalari ikki kun davomida ehtimoliy murosaning texnik jihatlarini muhokama qilishi kutilmoqda.



