Yadroviy zarbadan himoyalovchi inshootlarni ishlab chiqishda ishtirok etgan Fuqaro muhofazasi va favqulodda vaziyatlar boʻyicha Butunrossiya ilmiy tadqiqot institutining himoya tadbirlarini takomillashtirish ilmiy markazi rahbari Nikolay Posoxov hamda institut rahbari oʻrinbosari Igor Sosunov Moskvada qoʻlga olindi.

Bu haqda RBK xabar berdi.
Manbaga koʻra, ular juda katta miqdorda pora olishda ayblanmoqda. Jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov doirasida Posoxov uy qamogʻiga yuborilishi, Sosunov esa qamoqqa olinishi mumkin.
RBK manbalariga koʻra, Rossiya Tergov qoʻmitasining Bosh tergov boshqarmasi ayblanuvchilarga nisbatan ehtiyot chorasi tanlash haqida Moskvaning Zamoskvoretskiy tuman sudiga iltimosnomalar kiritgan. Pora olish moddasi boʻyicha ularga 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tahdid solmoqda.
Maʼlumot uchun, Rossiya FVV tarkibidagi Fuqaro muhofazasi va favqulodda vaziyatlar muammolari boʻyicha Butunrossiya ilmiy tadqiqot instituti fuqaro muhofazasi, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish sohasida ilmiy ishlanmalar bilan shugʻullanadi.



