
Markaziy bank tomonidan tijorat banklarining kredit shartnomalarida toʻlovlar kechiktirilganda qoʻllanilayotgan javobgarlik choralari oʻrganildi. Tahlillar natijasida ayrim bank amaliyotlari adolat va mutanosiblik tamoyillariga muvofiq emasligi aniqlandi.
Oʻrganishlar davomida:
Kechiktirilgan toʻlovlar uchun hisoblanadigan foiz stavkalari shartnomada belgilangan yillik stavkaga nisbatan bir necha barobarga, ayrim holatlarda yillik 150–180 foizgacha oshirilgan;
Kredit boʻyicha foizlarni toʻlash kechiktirilganda eng yuqori chegarasi belgilanmagan kunlik penyalar hisoblangan;
Kreditorning haqiqiy xarajatlari bilan bogʻliq boʻlmagan qoʻshimcha bir martalik jarimalar qoʻllanilgan.
Shu munosabat bilan Markaziy bank quyidagi choralarni amalga oshirish zarurligini taʼkidlaydi:
Kechiktirilgan majburiyatlar uchun qoʻllaniladigan sanksiyalar bank uchun asossiz daromad manbai boʻlmasdan, balki kompensatsion xarakterga ega boʻlishi lozim.
Qarz oluvchilar uchun toʻlovni kechiktirish bilan bogʻliq barcha moliyaviy oqibatlar shaffof, aniq va oldindan tushunarli boʻlishi taʼminlanishi shart.
Kredit shartnomalarida belgilangan javobgarlik choralari qonunchilikda koʻzda tutilgan adolat va mutanosiblik tamoyillari asosida qayta koʻrib chiqilishi zarur.



