
Raqobat qoʻmitasining Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan monitoring tadbirlari davomida tashqi reklama vositalarini oʻrnatishda qonunchilik talablari buzilganligi aniqlandi.
Xususan, “SALES MASTER NETWORK” MCHJ (“Ishonch” brendi), “BIZNES FINANS MIKROMOLIYA TASHKILOTI” MCHJ va “EKO PROPAN” MCHJlar tomonidan tegishli reklama joyi pasportini rasmiylashtirmasdan, oʻzboshimchalik bilan tashqi reklama vositalari oʻrnatilgan. Ushbu holat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 428-sonli qarori talablariga zid hisoblanadi.
Hududiy boshqarma tomonidan avvalroq berilgan ogohlantirishlarga qaramay, kamchiliklar bartaraf etilmagan.
Shu munosabat bilan, Maxsus komissiya tomonidan mazkur 3 ta tashkilotga nisbatan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, yakunda moliyaviy jarima qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Shuningdek, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berildi.



