
Oʻzbekistonda Islomiy bank faoliyatini tartibga soladigan qonun qabul qilindi. Unga koʻra, islomiy bank faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun Markaziy bank litsenziyasi talab etiladi. Mazkur litsenziya amal qilish muddati cheklanmagan holda beriladi va litsenziyalarni yoki ularga doir huquqlarni boshqa shaxslarga oʻtkazish taqiqlanadi.
Ushbu qonun 28 iyundan kuchga kiradi.
Oʻzbekiston banklari assotsiatsiyasi(OʻBA) bergan maʼlumotga koʻra, qonun Markaziy bank tomonidan mahalliy va xorijiy ekspertlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan boʻlib, xalqaro standartlar va ilgʻor tajribaga asoslangan.
Yangi qonunga muvofiq, islomiy banking faoliyati, islomiy moliyaviy operatsiyalar, standartlar va investitsiyaviy omonat tushunchalari qonunchilikka kiritildi.
Hujjatga binoan, banklar quyidagi 6 turdagi islomiy moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishi mumkin:
Muzoraba — foydani taqsimlash asosida moliyalashtirish;
Vakala — agentlik shartnomasi orqali mablagʻ jalb qilish yoki joylashtirish;
Murabaxa — tovarni boʻlib-boʻlib toʻlash orqali moliyalashtirish;
Salam — oldindan toʻlov asosida moliyalashtirish;
Mushoraka — sheriklik yoki ustav kapitalida ishtirok etish orqali moliyalashtirish;
Ijara — islomiy ijara (lizing) va keyinchalik sotib olish huquqi bilan.
Maʼlumot oʻrnida, 2026–2030 yillarda taxminan 1 milliard AQSh dollari miqdorida qoʻshimcha investitsiya va depozitlar jalb qilinishi rejalashtirilgan.



