Oʻtgan yili tasodifan kaustik soda ishqorini ichib qoʻygan 4 yoshli Umarjon Abdurazzoqov qiziloʻngachning chandiqli torayishi tufayli vaqt oʻtib umuman ovqatlana olmay qolgandi.

Shundan soʻng jajji bemor Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelindi (https://t.me/ssvuz/21289). Dastlab uning oshqozoniga maxsus naycha oʻrnatilib, muammo vaqtinchalik bartaraf etildi. Keyingi bosqichda unda murakkab operatsiya oʻtkazilishi zarur edi.
Ota-ona farzandini xorijda davolatishga qaror qildi. Biroq chet el klinikasida oʻtkazilgan amaliyot bemorning ahvolini yanada jiddiylashtirdi.
Umarjon yana Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga keltirildi.
Tibbiyot fanlari doktori, professor Habibulla Oqilov boshchiligidagi mutaxassislar tomonidan qariyb 5 soat davomida oʻta murakkab amaliyotda oshqozon qayta joylashtirilib, yoʻgʻon ichakdan yangi qiziloʻngach shakllantirildi. Hozir bolaning ahvoli yaxshi. Shu kunlarda oilasi bagʻriga qaytadi.



