Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bojxona va Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazildi.

Tadbir davomida Qoʻqon shahrida yashovchi, 1994 va 2002 yillarda tugʻilgan shaxslar Qoʻshtepa tumanida istiqomat qiluvchi, 2001 y.t. tanishining “Gentra” rusumli avtomashinasida Fargʻona tumaniga borib, qoʻshni respublikadan mamlakatimiz hududiga noqonuniy oʻtkazilgan 11 650 dona “Regapen” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini qabul qilib olishgan.

"Uddaburonlar" tezkor guruh tomonidan Uchkoʻprik tumani hududida toʻxtatilganda, ular avtomashinadan dori vositalarini uloqtirib, voqea joyidan qochmoqchi boʻlishgan. Lekin rejalari amalga oshmagan.
Aniqlanishicha, qonunbuzarlar bu turdagi dorilarni Fargʻona va Qoʻqon shaharlarida yashovchi shaxslarga sotish bilan shugʻullanib kelishgan.
Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.



