Prezidentning 2026 yil 15 apreldagi qaroriga muvofiq, tadbirkorlik subʼektlari uchun moliyaviy jarimalarni qoʻllashda qator yengilliklar belgilandi.

2026 yil 1 oktabrdan boshlab, tadbirkor moliyaviy jarimaning 50 foizini 1 oy ichida toʻlasa, qolgan qismini toʻlashdan ozod etiladi. Shuningdek, jarimani 6 oy davomida boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati beriladi. Buning uchun 1 oy davomida jarimaning 1/6 qismi toʻlansa, boʻlib-boʻlib toʻlash tartibi avtomatik ravishda ishga tushadi.
Sud tomonidan jarima qarori bekor qilinganda, undirilgan mablagʻlar 15 kun ichida qaytariladi. Toʻlov kechiktirilsa, har bir kun uchun Markaziy bank asosiy stavkasining 300 dan biriga teng miqdorda foiz toʻlanadi.
2027 yil 1 yanvardan boshlab "Yagona davlat nazorati" axborot tizimida barcha moliyaviy jarimalarning elektron reyestri joriy etiladi. Mazkur reyestrga kiritilmagan va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanmagan qarorlar haqiqiy emas deb hisoblanadi va ular asosida jarima undirilmaydi.
2027 yil 1 aprelga qadar tadbirkorning shaxsiy kabineti orqali vakolatli organlarning jarima qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorlari ustidan sudga onlayn shikoyat berish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Shikoyat ish yurituvga qabul qilinganda, jarima ijrosini toʻxtatib turish haqida mutasaddi idoralar avtomatik xabardor qilinadi.



