Birlashgan Arab Amirliklarining ramzi va dunyodagi eng hashamatli mehmonxonalardan biri hisoblanuvchi "Burj al-Arab" keng koʻlamli restavratsiya ishlari sababli 18 oyga oʻz faoliyatini toʻxtatadi. Bu haqda "Euronews" xabar bermoqda.

ChORAK ASRDAGI ILK TANAFFUS
1999 yilda ochilgan, yelkan shaklidagi ushbu muhtasham bino foydalanishga topshirilganidan buyon ilk bor taʼmirlash uchun oʻz eshiklarini yopmoqda. "Jumeirah" mehmonxonalar tarmogʻiga tegishli boʻlgan mazkur maskan oʻzining haddan tashqari qimmatbaho intereri bilan mashhur. Maʼlumotlarga koʻra, bino bezaklari uchun 86 500 dona Svarovski toshlari, 30 dan ortiq turdagi noyob marmarlar va qariyb 1 790 kvadrat metr maydonni egallagan 24 karatli oltin suvi yugurtirilgan qoplamalardan foydalanilgan.
RESTAVRATSIYa VA UNING SABABLARI
Loyihani yangilash ishlari dunyoga mashhur meʼmor Tristan Auerga topshirildi. Uning vazifasi binoning tarixiy qiymati va sanʼat asari darajasidagi hashamatini saqlagan holda intererni yanada boyitishdan iborat.
Restavratsiya ishlari haqidagi eʼlon joriy yilning 1 mart kuni yuz bergan hodisadan soʻng eʼlon qilindi. Oʻshanda dron qoldiqlari mehmonxona fasadiga tushishi oqibatida cheklangan miqyosda yongʻin kelib chiqqan edi. "Jumeirah" bosh direktori Tomas B. Mayerning taʼkidlashicha, ushbu dastur mehmonxona tarixida yangi sahifa ochadi va uning barqaror mukammallik ramzi sifatidagi maqomini mustahkamlaydi.
"YeTTI YuLDUZLI" MAQOM VA EKSTREMAL TRYUKLAR
"Burj al-Arab" nafaqat oʻzining shaxsiy xizmatchilari (batler) va "Rolls-Royce" avtomobillari floti, balki 210 metr balandlikda joylashgan vertolyot maydonchasi bilan ham mashhur. Ushbu maydonda Rojer Federer tennis oʻynagan, Formula-1 avtomobillari tryuklar koʻrsatgan va 2023 yilda ilk bor kichik samolyot qoʻndirilgan edi.
Restavratsiya ishlari yakunlangach, Dubayning ushbu eksklyuziv inshooti yanada zamonaviy va yuqori darajadagi hashamat bilan mehmonlarni qabul qilishni boshlaydi.



