
NASAning Space Launch System (SLS) raketasi chorshanba kuni soat 18:35 da Florida shtatidagi Kennedi kosmik markazidan uchirildi.
NASA astronavtlari Rid Uayzman, Viktor Glover, Kristina Kox va Kanada kosmik agentligi (CSA) astronavti Jeremi Xansen 1972 yildan beri Yer orbitasidan tashqariga chiqqan birinchilar boʻlishdi. Artemis II loyihasi doirasidagi sinov missiyasi 10 kun davom etadi.
Sinov parvozining taxminan 49 daqiqasida SLS raketasining yuqori pogʻonasi dvigatellarini ishga tushirib, “Orion”ni Yer atrofida elliptik orbitaga chiqardi.
Kosmosga kirgandan soʻng, “Orion” oʻzining quyosh panellarini ishga tushirdi, bu kosmik kemaga Quyoshdan energiya olish imkonini berdi. Shu bilan birga, Yerdagi ekipaj va muhandislar asosiy tizimlarni sinab koʻrish uchun kosmik kemani uchirish rejimidan parvoz rejimiga oʻtkazishdi.
Kosmik kema taxminan 24 soat davomida Yerning yuqori orbitasida qoladi, bu vaqt ichida ekipaj “Orion”ning imkoniyatlarini sinab koʻrish uchun qoʻlda boshqarishga oʻtishadi.
Agar barcha tizimlar belgilangan meʼyorlarda ishlasa, 2 aprel, payshanba kuni kosmik kema Oy atrofida bir vaqtning oʻzida uchish va Oyning tortishish kuchi yordamida Yerga qaytish imkonini beradigan trayektoriyaga kiradi.
6 aprel kuni esa kosmonavtlar Oy yuzasini kuzatishadi. Bu voqea astronavtlarni Oyning narigi tomonining baʼzi qismlarini koʻrgan birinchi odamlar sifatida tarixga muhrlaydi. Oyga muvaffaqiyatli parvozdan soʻng kosmonavtlar Yerga qaytib, Tinch okeaniga tushadilar.
Asosiy maqsad – “Orion” kosmik kemasi va SLS raketasi tizimlarini chuqur kosmik sharoitda sinovdan oʻtkazish boʻlib, bu kelajakda Oyga qoʻnish uchun asosiy qadam hisoblanadi.
Kelgusida NASA Artemis astronavtlarini ilmiy maqsadlarda Oyni tadqiq qilish, iqtisodiy foyda olish va Marsga birinchi insoniy missiyalarga tayyorgarlik koʻrish uchun yanada qiyinroq parvozlarga yuborishni rejalashtirgan.



