
Hujjatga koʻra, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlarni sodir etgan va muqaddam sudlangan shaxslar yana shunday ogʻir jinoyatni sodir etsa, ularga umrbod ozodlikdan mahrum qilish yoki uzoq muddatli qamoq jazosi tayinlanishi belgilanmoqda.
Xususan, 14 yoshga toʻlmagan shaxsning nomusiga tegish yoki unga nisbatan zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda jinsiy ehtiyojni qondirish holatlari eng ogʻir toifaga kiritilmoqda. (https://president.uz/uz/lists/view/8987)
Jumladan, ayollar va bolalarga nisbatan zoʻravonlikning oldini olish boʻyicha shahvoniy shilqimlik uchun belgilangan 5 sutkagacha maʼmuriy qamoq jazosini qatʼiylashtirish, pedofillar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilishgacha boʻlgan jazoni belgilash, Jinoyat kodeksining 118 (Nomusga tegish) va 119-moddasi (Jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish)dagi jinsiy jinoyatlarni voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan sodir etgan mahkumlarni manzil-koloniyalarga oʻtkazmaslik belgilandi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 6 ta moddasidagi jinsiy jinoyatlar boʻyicha ishlarni tergov qilish vakolatini ichki ishlar organlaridan prokuraturaga oʻtkazish va shahvoniy shilqimlik boʻyicha maʼmuriy huquqbuzarlikka oid materiallarda jinoyat alomatlari mavjud emasligi boʻyicha prokuror qarorini olish shartligi ham kiritilgan.
Bundan tashqari, ayollar va bolalarga nisbatan zoʻravonlik jinoyatlari bilan maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan advokatlar, tergovchi va sudyalar shugʻullanishi, zoʻravonlikdan jabrlangan va himoya orderi berilgan xotin-qizlar himoyasini kuchaytirish maqsadida ularning telefon qurilmalariga maxsus “SOS” ilovalarini oʻrnatish, bunda chaqiruv tugmasi bosilganda 5 kilometr radiusdagi ichki ishlar xodimlari 10 daqiqada manzilga yetib kelishi kabi bandlar biriktirilgan.



