
Hujjatga koʻra, kursdan kursga qolgan yoxud talabalar safidan chiqarilgan shaxslarga, istisno tariqasida, fanlar farqini qayta oʻzlashtirish sharti bilan taʼlimni davom ettirish va akademik taʼtil davrida, ularning xohishiga koʻra, masofaviy taʼlim shaklida oʻqishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, talabalar fanlar farqini mustaqil oʻzlashtirishi uchun qoʻshimcha muddat berilib, boshqa zarur shart-sharoitlar tashkil etiladi.
2027 yildan boshlab har ikkala taraf kamida 21 yoshga toʻlganda birinchi marotaba nikoh tuzgan yosh oilalarga davlat tomonidan qoʻshimcha imtiyoz va boshqa shakldagi qoʻllab-quvvatlash choralari taqdim etilishi belgilandi.
Ushbu oilalar Ijtimoiy reyestrga kiritilgan taqdirda, oilalar aʼzolariga ularning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, rivojlantirish, daromadlarini oshirish yoki murakkab vaziyatdan chiqarish uchun taqdim etiladigan moliyaviy koʻmaklar (subsidiya, ssuda, grantlar) qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorlardan 1,5 baravarga oshirilgan holda beriladi. Shuningdek, nikoh shartnomasini tuzgan nikohlanuvchilarni nikohni qayd etish uchun belgilangan davlat bojidan ozod etish tartibi qoʻllanadi.
2026 yil 1 sentabrdan boshlab nikoh yoshi toʻgʻrisidagi qonunchilik yoki nikoh tuzish tartibini buzishga oid huquqbuzarliklar uchun undirilgan jarima summasining 15 foizini bunday holat haqida xabar bergan shaxslarni ragʻbatlantirishga yoʻnaltirish tartibi joriy etiladi.



