Prezidentning "Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va sanʼat homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida"gi Qarori qabul qilindi.

Hujjatga asosan, har yili aprel oyi “Amir Temur oyligi” deb eʼlon qilindi. Shuningdek, buyuk sarkarda sharafiga joylarda temurshunos olimlar, yozuvchilar va sanʼatkorlar ishtirokida uchrashuvlar, badiiy-maʼrifiy tadbirlar uyushtiriladi.
9-10 aprel kunlari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi oʻrni va ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
“Temur tuzuklari” asarining ilmiy izohli matni fors, arab, xitoy, ingliz, fransuz, ispan va rus tillarida chop etiladi va temuriylar davri tarixi bilan bogʻliq turkum kitoblar, ilmiy va ilmiy-ommabop asarlar tayyorlanib, chop etiladi.



