
Qirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarasida hudud almashish jarayoni boʻlib oʻtdi.
Bu haqda Qirgʻiziston prezidenti matbuot kotibi Askat Alagozov oʻzining Facebook sahifasida shunday yozadi:
“Bugungi kunda Oʻzbekiston respublikasi bilan chegaralarni demarkatsiya qilish ishlari doirasida Oʻzbekiston hududiga tegishli boʻlgan ikki aholi punkti mazkur hududda yashovchilari bilan (taxminan 2500 nafar fuqaro) Qirgʻiz Respublikasi tarkibiga oʻtkazildi. Gap Choʻngʻara va Toshtepa qishloqlari haqida bormoqda”.
Qayd etilishicha, ushbu qishloqlarda yashovchi qariyb 2,5 ming nafar etnik qirgʻiz roʻyxatdan oʻtkazish ishlaridan soʻng Qirgʻiziston fuqaroligini oladi. Qirgʻiziston esa buning evaziga chegara hududida maydoni teng boʻlgan yer uchastkalarini Oʻzbekistonga berdi.
Bundan tashqari, Say–Tayan avtomobil yoʻlini qurish uchun tomonlar 236 gektar maydondagi teng qiymatli yerlarni almashildi. Yangi yoʻl ishga tushgach, Batken viloyati aholisi Aydarkendan Batkengacha boʻlgan masofani 225 kilometr emas, 55 kilometr orqali bosib oʻta oladi.
Askat Alagozov taʼkidlashicha, bu kabi masalalar siyosiy bahslarga sabab boʻlmasligi kerak.



