
2025 yil 11 dekabrda Bekobod tumanida sobiq IIB xodimi mast holda avtomobil boshqarib, piyodani urib yuborgan va marhumning jasadini kanalga tashlab yuborganligi haqida xabarlar tarqaldi.
1989 yilda tugʻilgan, Bekobod shahar IIB jinoyat-qidiruv boʻlimi tezkor vakili boʻlgan haydovchi Nexia-3 avtomobilida 43 yoshli piyodani urib yuborgan.
Sud materiallariga koʻra, haydovchi jabrlanuvchini shifoxonaga olib bormoqchi boʻlgan, biroq fikridan qaytib, hodisani yashirishga uringan. U turmush oʻrtogʻiga Matiz avtomashinasini olib kelishni aytgan, marhumni boshqa mashinaga oʻtkazib, hodisa joyidan 41 kilometr uzoqlikdagi Shova mahallasi hududidan oqib oʻtuvchi Farhod kanaliga tashlagan.
YTH haqida 102 raqamiga guvoh xabar bergan va shu asosida huquqni muhofaza qiluvchi organlar harakatga tushib, ish fosh etilgan. Marhum B.Ummatqulovning jasadini qidiruv ishlari qishning sovuq kunlarida olib borilib, 2026 yil 28 fevral kuni, oradan 79 kun oʻtib, kanal qirgʻogʻidan topilgan. Uning shaxsi DNK ekspertizasi orqali tasdiqlangan.
Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga koʻra, jabrlanuvchi YTH vaqtida olgan tan jarohatlari oqibatida qisqa vaqt ichida vafot etgan. Shu sababli sud sudlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 117-moddasi — xavf ostida qoldirish boʻyicha qoʻyilgan ayblovni tasdiqlamadi. Sud izohiga koʻra, agar jabrlanuvchi hodisadan keyin tirik qolib, yordam koʻrsatilmagani oqibatida vafot etganida, ushbu modda boʻyicha javobgarlik kelib chiqishi mumkin edi.
Biroq sud sobiq xodimni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi — transport vositasini boshqarish qoidalarini buzish odam oʻlimiga sabab boʻlgani hamda 134-moddasi 1-qismi — marhumning jasadiga nisbatan noloyiq harakatlar sodir etganlikda aybdor deb topdi.
Sud hukmiga koʻra, sudlanuvchi 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilindi va unga 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni manzil-koloniyada oʻtash belgilandi.
Biroq marhumning yaqinlari bundan norozi.
Hukmda sudlanuvchining turmush oʻrtogʻi voqea joyiga Matiz avtomobilini olib kelgani qayd etilgan. Biroq uning marhum jasadini kanalga tashlashda ishtirok etgani dalillar bilan isbotlanmagani bildirilgan.



