
Xalqaro bolalar kuni dunyoda turlicha sanalarda nishonlanadi. Aksariyat gʻarb mamlakatlarida bu kun 20 noyabrga toʻgʻri kelsa, baʼzi xorijiy davlatlarda 1 iyun – Xalqaro bolalar kuni sifatida bayram qilinadi. Maʼlumotlarga koʻra, ayni vaqtda 145 dan ortiq davlat bu kunni nishonlaydi, aynan 1 iyunni Bolalar kuni sifatida nishonlovchi davlatlar soni esa 49 tani tashkil qiladi.
Bu kunning ham oʻziga yarasha tarixi bor. Maʼlumotlarga koʻra, “Bolalar kuni” 1857 yilda iyun oyining ikkinchi yakshanbasida AQShning Massachusets shtati, Chelsi shahridagi Universalist cherkovi pastori, doktor Charlz Leonard tomonidan boshlab berilgan boʻlib, bu kun dastlab “Atirgul kuni” deb atalgan. Kyeyinchalik esa “Bolalar kuni” nomini olgan.
Baʼzi manbalarda bu sana 1920 yil Turkiyada paydo boʻlgani haqida maʼlumot keltirilsa, boshqalarida 1950 yilda boshlangani aytiladi. Lekin ularning barchasida 1954 yilda BMT rezolyutsiyasi bilan bolalar huquqlarini himoya qilish, ularning majburiy mehnatiga chek qoʻyish va taʼlim olish imkoniyatini kafolatlash maqsadida 1 iyun – “Xalqaro bolalar kuni” sifatida taʼsis etilgani qayd etiladi.
1925 yilda bolalar farovonligi boʻyicha oʻtkazilgan butunjahon konferensiyasida ushbu sana “Dunyo eʼtiborini bolalar bilan bogʻliq muammolarga qaratish” kuni deb eʼlon qilingan. Unda qatnashgan mamlakatlar “insoniyat eng yaxshisini bolalarga berishga majbur” ekanini anglab yetgan. Shu sabab konferensiyada 5 ta ustuvor vazifa ilgari surilgan “Bola huquqlari boʻyicha Jeneva deklaratsiyasi” qabul qilingan.
1959 yilda BMT Jeneva deklaratsiyasiga asoslangan “Bola huquqlari deklaratsiyasi”ni qabul qildi va “insoniyat eng yaxshisini bolalarga berishga majbur” ekanini yana bir bor rasman tasdiqladi.
Bu yangi deklaratsiya bolalarni tugʻilishdan oldin ham, tugʻilgandan keyin ham himoya qilishning 10 ta tamoyilini oʻzida aks ettirgan. Shundan soʻng 1989 yilda inson huquqlari boʻyicha tarixdagi eng tez va keng ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnoma aynan “Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya” boʻldi. Maʼlumotlarga koʻra, ushbu konvensiya qabul qilinganidan beri dunyoda besh yoshgacha boʻlgan bolalar oʻlimi ikki barobarga kamaygan.
Mamlakatimizda, xususan Jizzax shahrida ham bolalarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoyalash, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida koʻplab ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Maʼlumki, har bir hududda Bolalarni ijtimoiy himoya qilish masalalari boʻyicha komissiyalar faoliyat olib boradi. Ushbu komissiyalarning asosiy vazifalari ham bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini amalda roʻyobga chiqarish, ularning jismoniy, intellektual, maʼnaviy hamda axloqiy jihatdan kamol topishiga, qobiliyati va isteʼdodini toʻliq namoyon etishiga koʻmaklashish boʻyicha chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish sanaladi.
Shu oʻrinda savol tugʻiladi: shahrimizda bu borada qanday ishlar amalga oshirilayapti? Savollarimizga javob topish uchun Bolalarni himoya qilish masalalari boʻyicha shahar komissiyasi aʼzosi, Bolalarni ijtimoiy himoya qilish shoʻʼbasi mudiri Nigora Muxtorovani suhbatga tortdik.
- 2025 yil 24 dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2026–2030 yillarga moʻljallangan Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjatga koʻra, 2026 yil 1 fevraldan zoʻravonlik natijasida oilasidan olingan va oʻziga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishi xavfi ostida boʻlgan, shuningdek, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda boʻlgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yoʻlga qoʻyilishi belgilangan. Professional tutingan oilaga har bir joylashtirilgan bolani parvarishlash uchun har oyda Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 2 baravari miqdorida mablagʻ toʻlab boriladi. Jizzax shahrida 1 ta professional tutingan oila ochish rejalashtirilgan, mavjud nomzodning tegishli tartibda oʻqishi rejalashtirilgan.
1 martdan esa “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ota-onalari (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslari) uchun “mehrli oila” xizmati tashkil etiladi. “Myehrli oila” xizmatiga ota-onalar (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) Bolalar masalalari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tuman (shahar) komissiyalarining qarori asosida jalb qilinadi. 2025-2026 yilda tazyiq va zoʻravonlikka uchragan 5 nafar bolalar aniqlanib, ularga belgilangan tartibda ijtimoiy yordam – tekin psixologik va huquqiy yordamlar koʻrsatildi. Mazkur bolalar va ularning ota-onalari “Mehrli oila” xizmatiga jalb etildi.
- Yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning ijtimoiy himoyasi borasida qanday natijalarga erishildi?
- Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 27 dekabrdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni joylashtirish shakllari boʻyicha ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” Qarori asosida "Yoshlarga hamrohlik xizmati" ijtimoiy xizmati orqali hozirgi kunga qadar 14-23 yoshdagi 30 nafar yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga 9 turdagi imtiyozli xizmatlar koʻrsatildi. Shuningdek, joriy yilda 6 nafar yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga uy-joy ajratilishi rejalashtirilgan. Jizzax viloyatida oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish istagida boʻlgan Mehribonlik uylari, Bolalar shaharchalari, “SOS” — bolalar mahallalari uyushmasi filiallari va oilaviy bolalar uylari bitiruvchilari, shuningdek, vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalar hamda ota-onalik huquqidan mahrum qilinganligi, bedarak yoʻqolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilganligi sababli ota-ona yoki yolgʻiz ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan, shuningdek, topib olingan (tashlab ketilgan) ota-onasi nomaʼlum boʻlgan bolalar hamda nikohda boʻlmagan onaning (yolgʻiz onaning) vafot etganligi natijasida boquvchisiz qolgan 11 nafar bolalarning roʻyxati shakllantirilib, tegishli tashkilotlarga taqdim etilgan. Ushbu roʻyxatdagi bolalar oʻzlari tanlagan yoʻnalishga qancha ball toʻplanishidan qatʼiy nazar davlat grantiga imtiyoz asosida qabul qilinadi.
Yaqinda “Zomin” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan tashabbus va yechimlarini ishlab chiqish, ularni ochiq muhokama qilish hamda amaliyotga joriy etish orqali ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan “VoiceUp – 2026” inklyuziv yoshlar oromgohi tashkil etildi. Ushbu tanlov 21 nafar iqtidorli bolalarni qamrab oldi. Ishtirokchilarning 90 foizini yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar tashkil etdi.
Yaqinda Senatning yalpi majlisida Oliy Majlisning Bola huquqlari boʻyicha vakilining (Bolalar ombudsmanining) 2025 yilda bola huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan rioya etilishi holati haqidagi maʼruzasi koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, 2025 yilda Bolalar ombudsmani nomiga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslar tomonidan 1 934 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning 509 tasi ijobiy hal qilingan hamda 708 tasi boʻyicha huquqiy tushuntirishlar berilgan.
Murojaatlar eng koʻpi Toshkent shahri (470 ta), Surxondaryo (254 ta) va Toshkent viloyatlari (236 ta) hissasiga toʻgʻri keladi.
Murojaatlarni oʻrganish natijasida aniqlangan bolalarga nisbatan sodir etilgan zoʻravonlik holatlari yuzasidan 19 ta jinoyat ishi hamda 26 ta maʼmuriy ish qoʻzgʻatilgan. Bundan tashqari, 20 ta jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish haqida qaror bekor qilinib, qoʻshimcha tergovga qadar tekshiruv olib borish uchun yuborilgan.
Internet tarmogʻida oʻtkazilgan monitoring natijasida aniqlangan bola huquqlarining buzilishiga oid holatlar yuzasidan 23 ta jinoyat ishi hamda 28 ta maʼmuriy ish qoʻzgʻatilishi taʼminlangan.
Taʼlim muassasalarida bolaga jismoniy jazo qoʻllaganligi, oʻz kasbiy faoliyatiga sovuqqonlik bilan qaraganligi uchun 15 nafar pedagog xodimga maʼmuriy jazo, bolaga qoʻpol muomalada boʻlganligi uchun esa 6 nafar pedagog xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasi qoʻllanilgan. Shuningdek, bolaga oid qonunchilik buzilishiga yoʻl qoʻyganlik uchun huquqni muhofaza qiluvchi organning 2 nafar xodimiga nisbatan intizomiy jazo qoʻllanilgan.
Muxtasar aytganda, bola – inson, u ham kattalardek huquqlarga ega. Yuqoridagi raqamlar esa jamiyatimizda bolalarga nisbatan salbiy munosabat yoʻq emasligini, ularning huquqlarini poymol qilish holatlari ham uchrab turganligidan dalolat. Bolalarni himoya qilish kunining maqsadi keng jamoatchilik diqqatini bolalarning muammolariga, ularning huquqlarini himoya qilishga, himoyalangan dunyoda yashash imkoniyatlariga, baxtli bolalikka ega boʻlishlariga va oʻz mamlakatining toʻla-toʻkis va xotirjam fuqarosi boʻlib oʻsishlariga qaratishdir. Shunday ekan, ulgʻayib kelayotgan yosh avlodning kelajakda maʼnan boy, jismonan sogʻlom va axloqan pok boʻlib voyaga yetkazish har bir ota-ona, taʼlim maskanlari, umuman jamiyatning asosiy maqsadi boʻlmogʻi lozim.
Gavhar SAYDULLAYEVA,
“Jizzax ovozi”



