
Toshkent viloyatining Bekobod tumanida yashovchi, 27 yoshli muqaddam Jinoyat Kodeksining 112-moddasi (oʻldirish yoki zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish) va 140-moddasi (haqorat qilish) bilan sudlangan ayol 2025 yilning iyul oyida qoʻshni respublikaga borib, narkosavdogardan 1 kg “gashish” moddasini 6 ming AQSh dollariga sotib olish va uni mamlakatimiz hududidagi tegishli manzilga yetkazib berish boʻyicha kelishuvga erishgan.
Oradan maʼlum bir vaqt oʻtib, ayol WhatsApp messenjeri orqali giyohvandlik vositasi qoldirib ketilgan yashirin joy manzilini olgan.
Soʻngra muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq jinoyatlari uchun sudlangan ikki nafar tanishi bilan Bekobod shahri hududidagi dala maydoniga yoʻl olgan. Biroq, ular ajal ogʻusini xufiya joydan olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Giyohvandlik vositasining sof ogʻirligi 985 grammni tashkil etgan.
Tergov jarayonida ayol oʻzining 33 yoshli jinoiy sherigi bilan birgalikda Bekobod shahridan ijaraga xonadon olib, u yerda giyohvandlik vositalarini sotish hamda isteʼmol qilish uchun “bangixona” tashkil etganliklari ham fosh boʻldi.
Mazkur shaxslar Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularga nisbatan 8 yil 3 oydan 10 yil 6 oy muddatgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.



