
21 iyun kuni yozgi quyosh turishi boshlanib, bu astronomik hodisa davomida kunduzgi yorugʻlik eng yuqori darajaga yetadi.
Maʼlum qilinishicha, mazkur astronomik hodisa yozgi quyosh turishi deb ataladi va Quyoshning osmonda eng yuqori nuqtaga chiqishi bilan izohlanadi. Shu kunlarda kunduzgi yorugʻlik davomiyligi eng yuqori darajaga yetadi.
Shundan soʻng kunlar asta-sekin qisqarib boradi va bu jarayon dekabr oyidagi qishki quyosh turishigacha davom etadi.
Mutaxassislar taʼkidlashicha, "quyosh turishi" atamasi lotincha sol (quyosh) va stitium (toʻxtash) soʻzlaridan kelib chiqqan boʻlib, Quyosh harakatining osmonda goʻyo toʻxtaganday koʻrinishini anglatadi.
Astronomlarning qayd etishicha, Yer oʻqining qiyaligi tufayli Quyosh nurlari yil davomida yarim sharlar oʻrtasida turlicha taqsimlanadi. Bu esa fasllar almashinuvi va kunduz-tun davomiyligidagi farqlarni yuzaga keltiradi.



